Ayrim soliq toʻlovlari “taqdiri”ni eni xalq deputatlari Kengashlari hal qiladi
Pandemiya Oʻzbekistonda ham tadbirkorlik faoliyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Hukumatimiz tomonidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasidakoronavirusning salbiy taʼsirini yumshatish, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator soliq imtiyozlari va preferensiyalar belgilanganligi bu boradagi oqsashning oldini oldi. 2020-yilning 30-dekabr kungi “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi tadbirkorlik faoliyatini yana-da shakllantirish imkonini berdi. Andijon viloyatida tadbirkorlik subyektlari ishtirokida boʻlib oʻtgan tadbirda 2021-yilning 1-yanvar kunidan boshlab faoliyatga kirib kelgan oʻzgarishlar haqida fikr yuritildi.
— Bundan buyon Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga turistik zonalarda joylashgan alohida sanatoriy-kurort obyektlari egallagan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk soligʻi va yer soligʻining kamaytirilgan stavkalarini belgilash yoki soliq toʻlashdan ozod qilish huquqi berildi, — deydi Davlat soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Mubin Mirzayev. — Misol uchun, Andijon viloyati Xonobod shahrida joylashgan “Xonobod sihatgohi” sanatoriysining yer maydoni 2 gektarni tashkil qilgani bois 66,0 mln. soʻm yer soligʻi toʻlashi lozim, lekin bu miqdorni Andijon viloyat xalq deputatlari Kengashi kamaytirishi yoki umuman soliq toʻlashdan ozod qilishi mumkin.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, endilikda har bir oʻzini band qilgan jismoniy shaxsga qoʻshimcha pensiya taʼminotini kafolatlash huquqi berildi. Yaʼni, bu toifa fuqarolar ixtiyoriy tarzda toʻlagan ijtimoiy soligʻiga qarab, birinchidan, mehnat staji hisoblanishiga, ikkinchidan, qoʻlga oladigan pensiya miqdorini oʻzgartirishga erishadilar. Bu kabi oʻzgartirishlar Andijon viloyatidagi mavjud 60 ming 311 nafar oʻzini oʻzi band qilgan hamyurtlarimiz kabi fuqarolar uchun katta imkoniyat, hisoblanadi.
Qonun va qonunosti hujjatlariga doir bu kabi tadbirlar tadbirkorlarning huquqiy bilimini shakllantirib, faoliyatlarini toʻgʻri tashkillashtirishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring