Ahvol qanday, sobiq mahbus?!

19:23 20 Fevral 2019 Jamiyat
2019 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Avvalo, hech kim jinoyat sodir etmasin. Afsuski, turli sabablar bilan qonunga xilof ish qilgan yurtdoshlarimiz ham bor. Ularga odil sud tomonidan munosib jazo tayinlanmoqda va bundan keyin ham shunday boʻladi.

Xoʻp, jinoyat sodir etgan fuqaro jazoga mahkum qilindi va jazosini oʻtab qaytdi ham deylik. Keyin nima boʻladi? Bir umr qilmishi uchun boshini egib yurishi kerakmi? Vaholonki, jazo muddatini oʻtab qaytgan ekan, demak, hayotdagi, jamiyatdagi oʻrnini topishi, avvalgi qilmishini munosib xulq-atvori bilan oqlashi kerak. Buning uchun atrofdagilar yaqindan koʻmak bermoqlari maqsadga muvofiqdir.

Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri Izzatillo Nasriddinov Andijon tumanida yashaydi. Bilib-bilmay noqonuniy diniy oqimga qoʻshilib qoldi. Qilmishini oqlab boʻlmaydi, biroq aybiga iqror boʻlib, jazo muddatini oʻtab qaytdi. Endi faol turmush tarziga ega boʻlish, oilasi hamda oʻz shaʼnini halol mehnati bilan oqlash ilinjida.

Andijon viloyatidagi sudlar raislari ishtirokida boʻlib oʻtgan sayyor qabulda uning murojaati oʻrganib chiqildi va mebelsozlik faoliyatini davom ettirish uchun kredit mablagʻi bilan taʼminlanishida yordam berildi.

— Nooʻrin xatti-harakatim tufayli jazoga tortildim, — deydi izboskanlik Oyniso Muhiddinova. — Aybimga toʻla iqror boʻldim, afsuslandim. Ozodlikka chiqqach, albatta, taʼlim olaman, yetuk inson boʻlaman, deya ahd qildim. Sayyor qabul davomida fikrimni tinglagan sud raislari menga amaliy yordam berib, oliy taʼlim olishga tayyorgarlik koʻrishim uchun imkoniyat yaratib berishdi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi vazifalar ijrosi doirasida oʻtkazilgan muloqotda muqaddam sudlanganlar, taqiqlangan diniy oqimlar aʼzolari sifatida jazoni oʻtab qaytgan shaxslarning ham turli masalalar yuzasidan qilgan murojaatlari koʻrib chiqildi, — deydi jinoyat ishlari boʻyicha Andijon viloyati sudining sudya katta yordamchisi Komronshoh Rasulov. — Natijada birgina Andijon tumanida boʻlib oʻtgan sayyor qabul davomida oʻnlab fuqarolarga yordam koʻrsatildi. Bu kabi tadbirlar viloyatning boshqa hududlarida ham davom etyapti.

Xatoni hamma sodir etishi mumkin, biroq aybini tan olib, qilmishini halol mehnati bilan oqlashni ixtiyor etmoq hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Shunday ekan, bu toifa insonlarga yelkadosh boʻlish burchimizdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер