Aholi yashash punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish borasidagi ishlar qay ahvolda?

16:17 28 Noyabr 2023 Siyosat
266 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi oʻz ishini davom ettirmoqda.

Majlisda deputatlar respublika aholi yashash punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatovning Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga javobini muhokama qilishdi.

Parlament soʻroviga kelgan javobda qayd etilganidek, aholi punktlarini mobil aloqa va Internet bilan qamrov darajasini yaxshilash boʻyicha yil boshidan 5 000 tadan ortiq tayanch stansiyalar oʻrnatilgan va modernizatsiya qilingan. Natijada respublika boʻyicha mobil aloqa qamrovi darajasi 99 foizga, keng polosali mobil internet qamrovi 98,5 foizga, xalqaro ahamiyatga ega avtoyoʻllarning mobil Internet bilan qamrov darajasi 75 foizga yetkazilgan.

Aholining Internetga ulanishi qamrovini oshirish, optik tolali aloqa liniyalari qamrovini kengaytirish maqsadida joriy yil boshidan hozirgi kungacha qoʻshimcha 50 ming km. optik-tolali aloqa liniyalarini qurish orqali ularning umumiy uzunligi 220 ming km.ga yetkazilgan. Respublika boʻylab aholi punktlarini optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrovi 88 foizga yetkazilgan. 2023-yilning yakuniga qadar aholi punktlarini Internet bilan qamrab olish 99 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda xalqaro Cable.co.uk saytining Internet arzonligi yuzasidan tuzilgan reytingida Oʻzbekiston simli Internet arzonligi boʻyicha 219 ta davlat ichida 25-oʻrinni (oʻrtacha Internet narxi 15,48 AQSH dollari) hamda mobil Internet arzonligi boʻyicha 233 ta davlat ichida 22-oʻrinni egallab turibdi.

Majlisda deputatlar parlament soʻroviga javobda koʻtarilgan masalalar boʻyicha atroflicha maʼlumotlar taqdim etilganini eʼtirof etdilar va vazirning javobini maʼlumot uchun qabul qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер