Afgʻonistonning ingliz tilidagi yetakchi gazetasida Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlik munosabatlariga bagʻishlangan maqola chop etildi

10:58 04 Sentyabr 2023 Dunyo
415 0

Afgʻonistonda ingliz tilida nashr etiladigan nufuzli bosma nashrlardan  biri -  “The Kabul Times” gazetasida “Afgʻoniston – Oʻzbekiston munosabatlari rivojlanib bormoqda” sarlavhali maqola chop etildi.

“Afgʻoniston va Oʻzbekiston bir-biri bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor, — deb yozadi  muallif Muhammad Dovud.  — Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari va Oʻzbekiston elchisi oʻrtasida  yaqinda boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham  oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish xususida fikr almashildi. Afgʻon tomoni amaldagi hukumat qoʻshni davlatlarga nisbatan oʻz poziyatsiyasini aniq va rasmiy holda bayon qilganini yana  bir karra  taʼkidladi. Yaʼni, Afgʻoniston barcha mamlakatlar, xususan qoʻshni davlatlar bilan birodarlik munosabatlarni yanada  mustahkamlash  niyatida”.

Nashrda, Afgʻoniston hech kim va hech bir guruh mamlakat hududidan boshqa davlatga qarshi foydalana olmaydi deya dunyo va mintaqa davlatlarini doimo ishontirib kelayotgani qayd etilgan.   Shuningdek,  Afgʻoniston boshqa davlatlar bilan munosabatlarni oʻrnatish boʻyicha oʻzining tashqi siyosatida betaraflik va iqtisodiy hamkorlikka yoʻnaltirilgan tamoyilga asoslanadi.

Maqolada Oʻzbekiston Afgʻoniston shimolidagi Markaziy Osiyo davlatlaridan biri sifatida oʻzining iqtisodiy imkoniyatlari, aholi sonining koʻpligi, savodxonlik darajasining yuqoriligi hamda geosiyosiy va strategik jihatdan mintaqadagi eng kuchli davlat hisoblanishi taʼkidlangan.  “Bugungi kunda Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻzaro siyosiy munosabatlarni yanada kengaytirib kelmoqda. Bu borada tashriflar almashuvining oshib borayotgani, jumladan, Oʻzbekiston sobiq tashqi ishlar vazirining Kobulga, Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchisining Oʻzbekistonga tashriflar muhim voqea boʻldi”, — deb yozadi muallif.

Afgʻoniston  gazetasida  bosilgan  maqolada, shuningdek, iqtisodiy sohada ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga chiqqani  maʼlum qilingan. Tomonlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning soʻnggi bir yil va oxirgi bir necha oy davomidagi holatining tahlili Oʻzbekiston tomonining Afgʻoniston bilan aloqalarni yanada rivojlantirishga intilayotganidan dalolat beradi. Yaʼni, ikki tomon oʻrtasida iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda va chegara zonasida mushtarak bozor yaratish boʻyicha saʼy-harakatlar davom ettirilmoqda.

“Oʻtgan haftada Islomobodda uch davlatning yuqori darajali temir yoʻl sohasi rasmiylari ishtirokida Pokiston, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida temir yoʻl liniyasi qurish boʻyicha uch tomonlama shartnoma imzolandi, — taʼkidlanadi nashrda. -Transafgʻon tranzit yoʻlagi boʻyicha qoʻshma Protokol ham imzolandi. Ushbu bu temir yoʻl liniyasi Oʻzbekistonning Termiz shahridan boshlanib, Afgʻonistonning Balx, Logar va Paktiya viloyatlari orqali oʻtadi hamda Pokistonning Xarlachi chegarasidan Kurram aholi punktiga kirib boradi”.

Maqolada Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining oʻsishi tomonlar oʻrtasida tarixan mavjud yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari asosida qurildi, bu holat eng avvalo Afgʻonistonning iqtisodiy zaruratiga yoʻnaltirilgani alohida urgʻulangan.

 “Oʻzbekiston bilan savdo aylanmasi va  Afgʻonistondagi infratuzilma loyihalariga investitsiyalar hajmi ham oshib bormoqda. Shuningdek, ikki tomondan tranzit yuk tashishni rivojlantirishga katta  eʼtibor qaratilmoqda. Yaqin kelajakda oʻzaro manfaatli hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirilyapti”, — deb yozadi  “The Kabul Times”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер