Afgʻonistonlik tadbirkor Namanganda transport logistikasi yoʻnalishiga sarmoya kiritish harakatida
Namangan viloyatining xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy aloqalari roʻyxatidan Afgʻoniston Respublikasi ham mustahkam oʻrin olmoqda. Bu boradagi harakatlar viloyat delegatsiyasining oʻtgan oy oxirida qoʻshni davlatga xizmat safari chogʻida amaliy tus oldi. Ayniqsa, Qobul va Mozori Sharifda tashkil etilgan biznes forumlar hamda ikki hudud tadbirkorlari oʻrtasidagi uchrashuvlar natijadorlik kasb etib, umumiy qiymatda 621,3 mln dollarlik 27 ta kelishuv imzolandi. Oʻsha kunlari “Golden egg of Namangan” korxonasi tomonidan Mozori Sharif shahrida “Ibrahim Mansoor” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi yirik investitsion loyihaga start berildi.
Afgʻonistonlik hamkorlar ham oʻz navbatida investitsiyaviy hamkorlik doirasida kuni kecha Namanganga keldi.Ulardan biri — yirik tadbirkor Mansoor Sekander transport logistikasi yoʻnalishida faoliyat yuritish uchun gullar shahrida qoʻshma korxona tashkil etishni maqsad qilgan. Xorijlik ishbilarmon viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovga oʻzining ushbu yoʻnalishdagi loyihasini taqdim etdi.
Muloqotda viloyatning qoʻshni Qirgʻiz hamda Tojikiston Respublikalari bilan chegara-bojxona maskanlari barqaror faoliyat koʻrsatayotgani, Namangan ushbu yoʻnalishda muhim ahamiyatga ega lokatsiyada joylashgani qayd etildi. Xitoy xalq Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasidan Afgʻonistonga olib kelinayotgan yuklarni tashish uchun ham bu hudud qulay hisoblanadi.
Mansoor Sekanderning loyihasiga koʻra, dastlab 50 ta, keyin bir yil ichida umumiy hisobda 1000 ta ogʻir yuk tashuvchi transport vositalari ushbu logistika xizmatidan foydalanadi. Oʻzaro muloqot paytida Namangan-Afgʻoniston tadbirkorlari hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirishning boshqa imkoniyatlari yuzasidan ham fikr-mulohazalar almashildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring