Adliya aralashuvi bilan yetim bolaning buzilgan huquqlari tiklandi

12:31 21 Dekabr 2022 Jamiyat
531 0

Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti talabasi T.A murojaat qilib, unga toʻlanishi lozim boʻlgan imtiyozli stipendiya va boshqa toʻlovlar toʻlanmayotganligini bildirdi.

Murojaat oʻrganilganda, T.A chin yetim hisoblanib, Fargʻona shahar hokimining qaroriga asosan toʻliq davlat taʼminotiga olinganligi, Margʻilon shahar 1-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi ekanligi, 2020-yilda davlat granti asosida davolash ishi fakultetiga oʻqishga qabul qilinib, 2021-yil akademik taʼtilga chiqqanligi aniqlandi.

T.A 2022-2023 oʻquv yilidan oʻqishga tiklangan boʻlsada, unga oʻrganish kuniga qadar uni turmushga chiqqanligi vaji bilan stipendiya va boshqa toʻlovlar, xususan, sentyabr, oktyabr, noyabr oylarida stipendiyasiga 50 foiz qoʻshimcha mablagʻ, oziq-ovqat, transport xarajatlari puli, bir yilda bir marta adabiyotlar sotib olishi uchun, kiyim-kechak va gigiyena vositalari sotib olish uchun jami 5 mln 439 ming soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari toʻlanmay kelingan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-noyabrdagi “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 739-son qaroriga asosan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tarbiya, davolash-sogʻlomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarida hamda ularni tamomlagandan soʻng akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya oladigan muddatda toʻliq davlat taʼminotida boʻlishi belgilangan.

Shuningdek, ushbu qarorga asosan toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar taʼlim muassasalarini bitirib, ishga qabul qilinayotganda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar sotib olish uchun nafaqa toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar davlat taʼlim muassasalari faoliyatini moliyaviy taʼminlash uchun tegishli yilga nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga qoplanishi, toʻliq davlat taʼminoti pul nafaqalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar, shuningdek, transportda yurish kartochkalaridan iborat boʻlishligi koʻrsatib oʻtilgan.

Mazkur holat yuzasidan boshqarma tomonidan Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritilib, buning natijasida fuqaro T.A ga 5 mln 439 ming soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari undirib berildi hamda yetim bolaning buzilgan huquqlari tiklandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер