Abgor ahvolda qolgan va unutilgan “Nargiz”
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyati Quvasoy shahri yurtimizda betakror tabiati, mevazor bogʻlari, tarixiy-madaniy maskanlari bilan tanilgan. Bu esa shaharda ichki turizmni rivojlantirishda juda muhim omil hisoblanadi.
Ammo turizm imkoniyatlari va bu borada yaratilgan sharoitlar xususida gap ketganda, bugun Quvasoydagi baʼzi kamchiliklar ham koʻzga tashlanadi. Bir paytlar gullab-yashnagan va Fargʻona vodiysida mashhur boʻlgan “Nargiz” dam olish maskanining bugungi abgor hamda nochor ahvoli fikrimizning yaqqol dalilidir.
Shaharning fusunkor tabiati bilan tanilgan Arsif qishlogʻida bunyod etilgan ushbu majmua keyingi oʻn yillar davomida eʼtibordan chetda qolmoqda.
Majmua tashkil etilishida Mamatqul Rahmatov, Akbarali Rahmonaliyev, Tursunboy Dadajonov kabi quvasoylik mehnat faxriylari qatorida atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi ham oʻzgacha gʻurur bilan tilga olinadi. Arsiflik nuroniylarning eslashicha, bu yerda Sharof Rashidov ekkan nihollar koʻkka boʻy choʻzib, boqqa aylangan. Bugungi kunda olmazorning bir qismi saqlanib qolgan boʻlib, arsifliklar uni “Sharof Rashidov bogʻi” deya eʼzozlaydilar.
— Oʻz vaqtida bu yerda 35-40 nafar odam ishlagan, — deydi arsiflik Vohidjon Sodiqov. — Bir paytlar atrofi mevazor bogʻ, anvoyi gulzorlar, hamisha mayin esib turuvchi shabboda, qir-adirlar oʻrtasidagi rohatbaxsh maskan tashrif buyuruvchi har qanday mehmonga yoqardi. Bu yerda yurtimizning juda koʻp aziz insonlari qadami izi qolgan.
2020-yili Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan maskanda mukammal taʼmirlash ishlariga kirishildi. Ammo yaxshi niyatda boshlangan saʼy-harakatlar nihoyasiga yetkazilmadi. Oʻshandan buyon “Nargiz” yana unutilgan oʻgay hududdek qarovsiz yotibdi...

Oʻtgan yillar mobaynida majmua bir necha bor qoʻldan-qoʻlga oʻtib, tadbirkorlar oʻrtasida sarson boʻlib keldi. Hozirgi kunda fargʻonalik tadbirkor Shuhrat Azizov “Nargiz”ning eski shuhratini qayta tiklash, majmua negizida zamonaviy turistik markaz barpo etish harakatida yuribdi.
— Biznes-rejamni taqdim etib, kredit olish masalasida Fargʻona viloyatidagi bir necha tijorat banklariga murojaat qildim, —deydi tadbirkor Sh. Azizov. — Lekin hozircha ijobiy javob olganim yoʻq. Shu kunlarda ham asosiy vaqtim kredit olish maqsadida banklarda oʻtmoqda.
Tadbirkor ikki bosqichli biznes-reja ishlab chiqqan boʻlib, dastlab bayram tadbirlari, toʻy-tantanalar oʻtkazish binosi, restoran, kutubxona, tennis korti, choʻmilish havzasi barpo etish koʻzda tutilgan. Ikkinchi bosqichda landshaft arxitekturasi asosida manzarali va mevali daraxtlar ekiladi. Hududning sugʻorish tizimlari, doimiy suv taʼminoti masalasi yaxshilanadi.
Shu tariqa bu yerda bir necha turdagi xizmat koʻrsatish va servis tarmoqlariga ega turizm majmuasi tashkil etish rejalashtirilgan.
—Tadbirkorlik va turizm sohasida yetarli tajribaga egaman, —deydi Shuhrat Azizov. — Ammo bu borada kalavaning uchini topish oson boʻlmayapti. Axir mening maqsadim ezgu.
Quvasoy shahar hokimligi mutasaddilari ham bu joy tezroq obod boʻlishini istashadi. Ammo hozircha orzu orzuligicha qolmoqda.

— Kredit masalasi hal boʻlsa, ishlar yurishib ketadi, — deydi Quvasoy shahar hokimi oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi Salimjon Nishonqulov. — Tijorat banklari masʼullari mazkur loyiha istiqboliga jiddiyroq eʼtibor qaratishsa, yaxshi boʻlar edi. Boisi tadbirkorning biznes-rejasi juda ham pishiq-puxta ishlab chiqilgan. Qolaversa, qulay sharoit yaratish orqali bu yerda turizmdan yaxshi daromad olish mumkin.
Arsif – Fargʻona vodiysi chorrahasida joylashgan soʻlim qishloq. Ayniqsa, bahor faslida qishloqning fusunkor tabiati zebo kelinchakdek orolanadi. Arsifning sharbatga toʻlgan bogʻlarida pishadigan behi, olma, gilos, oʻrik, shaftoli singari mevalari mazasi boldek shirin. Bir soʻz bilan aytganda, ekoturizm, agroturizmni rivojlantirish ayni muddao.
— “Nargiz”ning bugungi achinarli ahvolini koʻrganda, koʻzimga yosh keladi, — deydi mehnat faxriysi Adhamjon Umarov. — Chunki hayotimizning eng unutilmas damlari shu joy bilan bogʻliq. Kursdosh qizni ushbu maskanga ilk uchrashuvga taklif qilganman, keyin shu yerda toʻyimiz boʻlib oʻtdi. Toʻngʻich qizimizning ismini uning sharafiga — Nargiz qoʻyganmiz. Quvasoy va Fargʻona shahri, Fargʻona tumanida hayoti qadrdon goʻshaga bogʻlangan oilalar koʻpchilikni tashkil etadi.
Ishonamizki, keyingi paytda aynan turizm sohasini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratayotgan Fargʻona viloyati hokimligi mutasaddilari bu masalani eʼtiborsiz qoldirishmaydi. “Nargiz”ning dovruqli shuhrati qayta tiklanishini chin dildan istaymiz.
Botir Madiyorov,“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring