23 yil FIDЕni boshqargan Kirsan Ilyumjinov lavozimidan chetlashtirildi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi(FIDЕ) prezidenti Kirsan Ilyumjinov o‘z lavozimidan ozod etildi.
Bu bo‘yicha tegishli qaror federatsiyaning etika bo‘yicha komissiyasi tomonidan qabul qilindi, deb xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.
FIDЕ saytida rahbar etika kodeksini qanday buzganligiga aniqlik kiritib o‘tilgan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, Ilyumjinov 2017 yil martidan 2018 yil apreliga qadar tashkilotning etika kodeksi qoidalarini bir necha bor buzgan, yolg‘on va ig‘vo bayonotlar berib, tashkilotning bankdagi hisob raqamlari yopilgandan keyin ham o‘z lavozimini tark etishdan bosh tortgan holda, FIDЕ prezidenti tarkibi a’zolarini obro‘sizlantirishga uringan. TASS izohi.
Komissiya yig‘ilishi 23-24 iyun kunlari Syurix shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi prezident ustidan uning o‘rinbosari Georgios Makropulos shikoyat qilgan.
Bundan oldin, aprel oyida FIDЕ prezidentlik tarkibi Ilyumjinov o‘z vakolatini tark etishini talab qilgandi. Rossiyalik mansabdor esa bunday qilmasligini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot kengashi qarorining shaxmatga umuman aloqasi yo‘q va mutlaqo siyosiy xarakter kasb etadi. Ilyumjinov o‘z lavozimida vakolat muddati tugaguncha, ya’ni joriy yil sentyabr oyigacha ishlab, so‘ngra yana FIDЕ prezidentligiga o‘z nomzodini ilgari surishini bildirib o‘tdi.
Tashkilotning yangi prezidenti shu yil 3 oktyabr kuni Batumida saylanadi. Tasdiqlangan ro‘yxatda esa Ilyumjinovning nomzodi yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, u ushbu lavozimni 1995 yildan buyon egallab kelyapti.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring