92 ming nafar oʻquvchini jamlagan sahna

11:56 08 Aprel 2026 Jamiyat
170 0

“Turon” maktab teatri studiyalari oʻquvchilarning ijodiy qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish, ularda nutq madaniyati va sahna mahoratini shakllantirish hamda milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur sanʼat maskanlari yosh avlodni maʼnan boyitish bilan birga, jamoada ishlash koʻnikmalarini ham rivojlantirmoqda. Ana shunday ezgu maqsadlar yoʻlida Andijon viloyati musiqali drama teatrida tanlovning viloyat bosqichi koʻtarinki ruhda tashkil etildi. Unda tuman va shahar bosqichlarida saralangan eng iqtidorli 16 ta jamoa ikkita shart boʻyicha oʻz mahoratini namoyish etib, respublika bosqichi yoʻllanmasi uchun bahs olib bordilar.

— Bugungi tanlov yoshlarning sanʼatga boʻlgan ishtiyoqi naqadar baland ekanini koʻrsatdi, — deydi yozuvchi Vositxon Ahmadxonov. — Maktab teatrlari nafaqat isteʼdodlarni kashf etmoqda, balki oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga ham xizmat qilyapti. Sahnada namoyish etilgan har bir chiqishda tarixiy siymolarimizga boʻlgan ehtirom va zamonaviy ijod namunalari uygʻunlashgan. Jamoalarning tayyorgarligi va obrazlarni mahorat bilan ijro etgani bizni chin dildan quvontirdi, gʻoliblarni aniqlashda haqiqiy ijodiy raqobatga guvoh boʻldik.

Tanlovning viloyat bosqichi keng koʻlamda oʻtdi va unda jami 11 ming 503 ta teatr jamoasi tarkibida 92 ming nafardan ziyod oʻquvchi ishtirok etib, oʻz iqtidorini namoyish etdi. Yakuniy natijalarga koʻra, Boʻston tumanining “Andijon” jamoasi 1-oʻrinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichiga yoʻl oldi. Shuningdek, Andijon tumanining “Oydinbuloq” jamoasi 2-oʻringa, Baliqchi tumanining “Ajdodlarim merosi” jamoasi esa 3-oʻringa munosib deb topildi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер