57 nafar asakalik asosiy daromad manbaiga ega boʻldi
Mamlakatimizda aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni daromadga yoʻnaltirish, ijtimoiy holatini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar doirasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil etildi. Ayni paytda hududlarda xonadonma-xonadon yurilib, fuqarolarning ijtimoiy holatlari oʻrganilmoqda. Daftarlar tarkibiga kiruvchilarga amaliy yordam berish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, Asaka tumanida sektor rahbarlari ishtirokida “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tarkibiga kiruvchi 188 nafar fuqarolarni ishlab chiqarish korxonalariga sayohati uyushtirildi. Sayohat davomida mehmonlar korxonalardagi ish sharoiti, imkoniyatlari va oylik maoshlari bilan qiziqdilar.
— Menga “Asaka textil” MCHJga qarashli tikuvchilik korxonasi juda yoqdi, —deydi fuqaro Nilufarxon Abdurahimova. — Bu yerda ishlar zamonaviy dastgohlar yordamida amalga oshiriladi. Ishchilarning ishga kelib-ketishlari, tushlik qilishlari va dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Oylik maoshlari ham qoniqarli.
Shu kuni sayohatga taklif etilganlar tumanda faoliyat olib borayotgan “ASAKA TEXTIL“, ”FORAL TEXTIL“, ”MIN MAX“ hamda ”INVEST DAVR TEXTIL” korxonalarida boʻldilar. Natijada Nilufarxon kabi yana 57 nafar yurtdoshlarimiz oʻzlariga maʼqul kelgan korxonada mehnat qilish istagini bildirdilar. Demak, yana shunda ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimiz asosiy daromad manbaiga ega boʻldilar.
Bu kabi sayohatlar tumandagi boshqa ishlab chiqarish obyektlari boʻylab davom etmoqda.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring