30 yilda amalga oshgan orzuim

19:29 22 Iyun 2021 Jamiyat
749 0

Oxirgi yillarda yurtimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Buni nafaqat biz, balki butun jahon hamjamiyati ham eʼtirof etmoqda.

Oʻzim Tojikistonda tugʻilgan boʻlsam-da, umrimning, hayot va faoliyatimning asosiy qismi Oʻzbekistonda oʻtmoqda. Ayni shuning uchun ham Oʻzbekiston mening qadrli maskanim. Shu yerda ishlab, mehnati qilayotganimdan faxrlanaman.

Darvoqe, yurtimizda olib borilayotgan yana bir muhim islohot shuki, Oʻzbekistonda yashayotgan, ammo fuqarolik pasportiga ega boʻlmaganlarga belgilangan tartibga koʻra Oʻzbekiston fuqaroligini berish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu juda koʻplab fuqaroligi boʻlmaganlarga katta voqelik boʻldi. Shular qatori mening bu yangilikdan boshim koʻkka yetdi.

Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 13-mart kuni imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonunga bilan 1995-yilgacha respublikaga koʻchib kelganlarga Oʻzbekiston fuqaroligini toʻgʻridan toʻgʻri berish tartibi belgilangan edi.

Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida esa mamlakatimizga 2005-yilgacha koʻchib kelib, 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga toʻgʻridan toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini berish tartibi joriy qilinishi, buning natijasida 20 ming kishi Oʻzbekiston fuqarosi boʻlish imkoniyatiga ega boʻlishini maʼlum qildi.

Bularning barchasi fuqarolarga cheksiz gʻurur va faxr tuygʻusini berdi.

Misol uchun, oʻzim 30 yildan beri fuqaroligi yoʻq shaxs sifatidagi yashash guvohnomasida istiqomat qilib keldim. Bu mehnat faoliyatim yoki xorijga chiqish-kirish va boshqa masalalarda qiyinchiliklar tugʻdirardi. Saylovlarda va boshqa tegishli jarayonlarda ishtirok etolmasdim, ayrim huquqlardan mahrum edik.

Bugun esa vaziyat butunlay boshqacha. Tizim oʻzgardi, har sohada ish tutumi oʻzgardi. Natijada xalqning ogʻiri yengil, uzogʻi yaqin boʻlyapti. Ana shunday islohotlar tufayli joriy yil Ramazon hayiti bayrami arafasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindim, oʻz fuqarolik pasportimga ega boʻldim. Bu AKT sohasida uzoq yillar turli lavozimlarda ishlab, Vatan ravnaqiga hissa qoʻshib kelayotgan oddiy bir fuqaro uchun gʻoyatda katta baxt edi.

Bu kun men va yaqinlarim, turmush oʻrtogʻim, 3 nafar farzandim uchun haqiqiy bayram boʻldi. Bugun mendan-da baxtli inson yoʻq! Ikki farzandim talaba, yana biri maktab oʻquvchisi.

Eng quvonarlisi, bu yil konstitutsion huquqlarimdan foydalanib, oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan Prezident saylovida qatnashaman. Men va menga oʻxshagan uzoq yillik orzulari ushalgan fuqarolar davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan odilona siyosatdan, bugungi tub islohotlarda minnatdormiz. Ilohim, yurtimizga koʻz tegmasin, rivojlanish odimlari esa bardavom boʻlaversin.

Abduyamin SAMATOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер