24 mingga yaqin daraxtlar taqdiri xavf ostida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi tomonidan Tabiat resurslari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirliklarining “Qurilish obyektlarida daraxtlar kesilish holatlarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.
Yurtimizda aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida tizimli choralar koʻrilyapti. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qimmatbaho navli daraxt va butalar kesilishiga moratoriy joriy qilindi. Butun mamlakat miqyosida daraxtzorlarni koʻpaytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ammo shunga qaramasdan respublika miqyosida daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish, shu jumladan, qimmatbaho, koʻp yillik daraxtlar nobud boʻlishiga olib kelgan holatlar uchrab turibdi.
Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yilda daraxt hamda butalarning noqonuniy kesilishi bilan bogʻliq 4599 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, ularga nisbatan 7,3 mlrd. soʻm maʼmuriy jarima va 10 mlrd. soʻm tabiatga zarar belgilangan. Shu jumladan, oʻtgan yilda jami 1777 tup qimmatbaho hamda koʻp yillik daraxtlar kesilgan. Vaziyat tahlil etilganda, qurilish obyektlari atrofini oʻrab olish natijasida daraxtlarning qarovsiz qolishi, shikastlanishi va nobud boʻlish holatlari sodir etilayotganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasida davlat ekologik ekspertizasi obyektlari qatoriga barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini ajratish materiallari hamda shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari kiritilgan.
Biroq, masʼullar tomonidan Toshkent shahridagi qurilish obyektlari xatlov qilinganida yer ajratish bilan bogʻliq 2019-yilda 235 ta, 2020-yilda 89 ta va 2021-yilda 99 ta obyektga oʻrganilmasdan hamda davlat ekologik ekspertizasining xulosasi olinmasdan qurilishga yer ajratib berilgani va qurilish loyihalari ishlab chiqilgani aniqlangan.
Shuningdek, 2022-yilda Toshkent shahrining 11 ta tumanidagi 332 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt xududlari oʻrganilishi natijasida umumiy 21031 dona turli xildagi daraxtlar xatlovdan oʻtkazilgan, ularning 17767 donasi manzarali, 2599 tasi mevali daraxtlar boʻlib, ularning 103 tasi qurib qolganligi va 20 tasi turli xil kasallanganligi maʼlum boʻlgan.
Qayd etilganidek, respublika boʻyicha 500 dan ziyod qurilish obyektlari atrofi oʻrab olingan boʻlib, ularda 24 mingga yaqin daraxtlar taqdiri xafv ostida qolmoqda. Afsuski, bir qator qurilish obyektlarida daraxtlarni kesib tashlash holatlari sodir etilgan.
Xususan, Mirzo Ulugʻbek tumani hududida joylashgan qurilish obyektida xandaq (katlavan) qazish ishlari olib borilgan hududda jami 55 tup daraxt yoʻq qilingan. Chilonzor tumanigi koʻp qavatli turarjoy binosi qurilishi uchun oʻrab olingan hududda 18 tup daraxt shikastlantirilgani aniqlangan, Yashnobod tumanida qurilish obyektida 83 tup koʻp yillik manzarali daraxtlar noqonuniy ravishda kesilgan.
Eshituvda deputatlar tomonidan mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-apreldagi “Qurilish sohasiga oid yagona maʼmuriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga qurilish obyektlariga daraxtlar kesilishining oldini olishga qaratilgan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, qurilish obyektlarining atrofini oʻrash tartibini qonunchilik hujjatlarida aniq belgilash, respublikadagi davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni toʻliq raqamlashtirish yoʻli bilan xatlovdan oʻtkazish yuzasidan takliflar bildirildi.
Tadbir yakuni boʻyicha koʻrilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring