2023-yilda 1 008 ta tibbiyot obyektida quyosh panellari oʻrnatiladi — Sogʻliqni saqlash vazirligi

20:43 04 Yanvar 2023 Jamiyat
721 0

Foto: Arxiv surat

Sogʻliqni saqlash vaziri A. Inoyatov bugun boʻlib oʻtgan vazirlik Hayʼat yigʻilishida kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazish choralarini koʻrish masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtdi:

— Tibbiyot muassasalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida jami 437 ta dizel generatori xarid qilindi, — dedi vazir. — Ularning barchasi yanvar-fevral oylarida joylarga yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, 2022-2023-yillarda Sogʻliqni saqlash tizimidagi 1 540 ta tibbiyot muassasasiga muqobil energiya manbalarini oʻrnatish belgilangan.

Hozir 107 ta tibbiyot muassasasiga 124 kVt. quvvatga ega quyosh panellari, 4 400 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari oʻrnatildi.

Shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilgan mablagʻlar doirasida jami 425 ta (shundan 375 tasi mahalla tibbiyot punktlari hamda 50 tasi oilaviy shifokorlik punktlari hamda oilaviy poliklinikalar uchun moʻljallangan) 2 352 kVt. quvvatga ega quyosh panellari xarid qilindi va ular joriy yilning birinchi choragida oʻrnatib, ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, vazirlikning maʼmuriy binosiga 100 kVt. quvvatga ega quyosh panellarini oʻrnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

2023-yilda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda yana 1 008 ta obyektda 4 427 kVt. quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер