2019 yilda davlat buyurtmasi asosida tarixiy mavzularda 100 dan ortiq spektakllar sahnalashtiriladi
Arxiv foto
Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi online”/Toshkent. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan 2018 yil davomida sohada amalga oshirilgan ishlar va 2019 yilda koʻzlangan rejalar yuzasidan oʻtkazilgan anjumanda bu haqda maʼlumot berildi.
Jumladan, mamlakatimizning turli hududlaridagi teatrlar tomonidan Amir Temur (Namangan), Hakim at-Termiziy (Surxondaryo), Abay, Boburshoh (Toshkent shahri), Temur Malik (Samarqand) va boshqa tarixiy shaxslar hayoti hamda ular bilan kechgan tarixiy jarayonlar haqida yangi spektakllar sahnalashtirilishi rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida har birimiz uchun kuch-qudrat manbai boʻladigan milliy gʻoyani rivojlantirishimiz zarurligi xususida toʻxtalarkan, milliy oʻzligimizni anglash, Vatanimizning qadimiy va boy tarixini oʻrganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, gumanitar soha olimlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash lozimligini taʼkidladi.
“Buyuk alloma va adiblarimiz, aziz-avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak”, dedi davlatimiz rahbari.
Shu maqsadda Oʻzbekiston Milliy teleradio kompaniyasi tarkibida “Oʻzbekiston tarixi” kanalini tashkil etilishi moʻljallangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring