180 oʻringa 281 nafar daʼvogar
Paxtaobod tumanida yangi tashkil etilgan kasb-hunar maktabi oʻz faoliyatini boshladi. Endilikda bu yerda yigit-qizlar 6 ta yoʻnalish boʻyicha hunar oʻrganishlari mumkin.
— Bolaligimdan liboslar dizayneri boʻlishni orzu qilaman, — deydi maktab bitiruvchisi Sarvinoz Ahmadaliyeva. — Biroq, ushbu yoʻnalish boʻyicha viloyatimizda oʻquv yurtlari mavjud boʻlmaganligi bois ijtimoiy tarmoqlar orqali saboq olishimga toʻgʻri keldi. Yangi tashkil etilgan kasb-hunar maktabida liboslar boʻyicha rassomchilik yoʻnalishi mavjudligini eshitib, tahsil olishga qaror qildim. Kelgusida oʻz chevarxonamni tashkil etib, dastlab 7 ta yangi ish oʻrni yaratish istagidaman.
Garchi maktab 180 oʻrinli boʻlsa-da, unda tahsil olishni ixtiyor etgan maktab bitiruvchilarining soni 281 nafarga yetdi. Bu esa, hududlarda bu kabi taʼlim yoʻnalishlariga ehtiyoj katta ekanligidan dalolatdir.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring