121 yoshli onaxonga davlat mukofoti topshirildi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Yoshi ulugʻ onaxonlardan biri — Buvsara momo 1903-yilda tugʻilgan. Hozirgi Ishtixon tumanidagi “Bogʻixon” mahallasi “Oʻrazboyovul” qishlogʻida umr yoʻldoshi Avazxon ota Saidov bilan 2 oʻgʻil, 4 qizni tarbiyalab, uyli-joyli qilgan. Bugungi kunda 80 ga yaqin nevara, chevara, 70 ga yaqin evara va bir nafar pannevara ardogʻida hayot kechirmoqda.
Buvsara momo mamlakatimiz mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga koʻra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Kattaqoʻrgʻonning Moybulogʻida voyaga yetgan Buvsara Ishtixonga kelin boʻlib tushgach, turmush oʻrtogʻi Avazxon Saidov bilan hayotning goh murakkab, goh xotirjam va baxtli davrlarini koʻrdi. Urush yillaridagi qiyinchiliklarni mehnat bilan oʻtkazdi. Ammo nolimadi, oʻzini ayamay ishladi. Bogʻdorchilikda peshqadam boʻldi, pilla topshirish rejasini necha oʻn yillar davomida hammadan yuqori darajada uddaladi.
— Bu kunlarning har bir lahzasi aziz, qadrli, — deydi onaxon. — Tinch, hamma sharoitlar yaratilgan zamonda ishlash bu — katta baxt. Mehnat qilgan odam farovon yashaydi. Biz qiyin davrlarni boshimizdan oʻtkazdik, lekin oʻshandayam noligan emasmiz. Nolishdan ortiqroq baxtsizlik yoʻq, aslida.
“Bogʻixon” mahallasidagi bu namunali oila bugun ham odamlarning eʼtibori va eʼzozida. Buning zamirida halol mehnat, fidoyilik boʻlsa ajabmas.
Mustaqillik bayrami arafasida Buvsara momoga davlatimizning yuksak mukofoti viloyat hokimining oʻrinbosari Zebiniso Rahmonova hamda Ishtixon tumani hokimligi masʼullari, bir guruh jamoatchilik vakillari tomonidan yaqinlari davrasida tantanali tarzda topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring