100 dan ortiq davlat 2030-yilgacha oʻrmonlarni kesishni toʻxtatishga kelishib oldi
100 dan ortiq dunyo yetakchilari 2030-yilgacha oʻrmonlarni kesishni toʻxtatishga vaʼda berishdi, bu Glazgodagi iqlim boʻyicha sammitdagi birinchi yirik kelishuvdir, deb xabar beradi BBC.
Ushbu qarorni qoʻllab-quvvatlagan davlatlar orasida Braziliya, Rossiya, Kanada, Kolumbiya, AQSH, Buyuk Britaniya va Indoneziya bor. Qayd etilishicha, umuman olganda, bu mamlakatlar dunyo oʻrmonlarining qariyb 85 foizini tashkil qiladi.
Shartnoma 20 milliard dollar ajratishni oʻz ichiga oladi, uning bir qismi yoʻqotilgan oʻrmon maydonlarini tiklash va oʻrmon yongʻinlariga qarshi kurashga yoʻnaltiriladi.
28 mamlakat hukumatlari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi, xususan, palma yogʻi, kakao va soya yetishtirish uchun oʻrmonlarni kesishni toʻxtatish majburiyatini oladi.
Qayd etilishicha, Indoneziya dunyodagi eng yirik palma yogʻi eksportchisi boʻlib, uning ishlab chiqarilishi oʻrmonlarning vayron boʻlishiga va tub aholi yashaydigan hududlarning yoʻqolishiga olib keladi.
Shuningdek, Rossiya oʻrmonlari sayyoradagi barcha daraxtlarning beshdan bir qismini tashkil qiladi, ular yiliga 1,5 milliard tonna karbonat angidridni oʻzlashtiradi.
Bundan tashqari, dunyodagi eng katta tropik oʻrmonlar Braziliyadagi Amazonka tropik oʻrmonlaridir, ammo 2020-yilda uning vayron boʻlish qismi rekord darajada edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring