Zominda “aqlli qishloq xoʻjaligi” yoʻlga qoʻyiladi
Purviqor togʻlar bagʻridagi Zomin tumanida qishloq xoʻjaligini zamonaviy bosqichga olib chiqishga qaratilgan yangi loyihalar boshlanishi rejalashtirilmoqda. Oʻzbekiston va Xitoy davlati hamkorligida Advantage Capital, Jiushi Tongyuan hamda Qiamo Technology kompaniyalari ishtirokida “aqlli qishloq xoʻjaligi” tizimi joriy etiladi.
Mazkur loyiha doirasida eng avvalo mamlakatimizda ilk bor “raqamli qishloq xoʻjaligi xaritasi” yaratiladi. Bu orqali barcha maʼlumotlar jamlangan yagona intellektual baza shakllantiriladi.
- Bu loyiha qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, boshqaruv samaradorligini oshirish va yerdan oqilona foydalanishga xizmat qiladi, — deydi Zomin tumani hokimi Alisher Abdugʻaniyev. — Loyiha amalga oshirilishi natijasida yaylov va lalmi yerlar toʻliq xatlanib, skanerlanadi, dronlar va datchiklar yordamida ekinlarni oʻsishi, tuproq namligi, zararkunandalar, chigirtkalar xavfi va kasalliklar holati doimo kuzatib boriladi, sugʻorish jarayonlari real vaqtda nazorat qilinadi.

Mutaxassislarning fikricha, bu kabi texnologiyalar fermerlar, ijarachilar, shaxsiy tomorqa yer egalariga tez va aniq qaror qabul qilish imkonini beradi. Shuningdek, tabiat injiqliklarini oldindan bashorat qilish, hosildorlikni oshirish, chorva mollarini nazorat qilish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish va aerokosmik monitoring kabi ilgʻor yechimlar ham joriy etiladi.
Kutilayotgan natija esa aniq – hosildorlik oshadi, resurslar va ishchi kuchi tejaladi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi koʻpayadi, oʻrmon va daraxtlarni oʻsishi, sugʻorishi nazoratga olinadi.
Bu kabi loyihalar Zomin tumani iqtisodiyotini yanada rivojlantirib, qishloq xoʻjaligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Tolibjon ERGASHEV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring