Zimmamizda yuksak vazifalar mujassam
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi bilan tanishib, jonajon Vatanimiz tinchligi va xalqimizning osuda hayotini taʼminlash, jinoyatchilikni oldini olishda zimmamizda hali yuksak vazifalar mujassamligini yana bir bor his etdim. Chunki Murojaatnomada barcha sohalar qatori ichki ishlar tizimidagi islohotlar ham atroflicha tahlil qilindi. Galdagi ulugʻvor rejalar belgilab berildi. Xalqimiz tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni barvaqt oldini olish ishlarini yangi bosqichga koʻtarishimiz zarurligi uqtirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi “Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida, ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Bosh boshqarma maqomiga almashtirilib, uning tarkibida 4 ta mintaqaviy boshqaruv tizimi joriy etildi. Natijada viloyat hududida ichki ishlar xodimlari tomonidan aholiga tezkor xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Fuqaroning murojaatini sinchkovlik bilan oʻrganish, odilona xulosa chiqarish tizimi yaratildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi vakolat va funksiyalarning quyi boʻgʻinga tushirilishi uni chinakam xalqchil xizmatga aylantirishga asos boʻldi. Vazifalarni bajarishga ilmiy yondashuv va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan izchil foydalanish muayyan yutuqlarni taʼminlamoqda. Viloyatda bu borada oʻtgan 2019-yilda koʻpgina ishlar qilindi. Jumladan, soha xodimlariga munosib mehnat va turmush sharoitlari yaratildi. Profilaktika nozirlari xizmat uylari, shaxsiy uy-joylar, shuningdek shaxsiy avtoulovlar bilan taʼminlandi.
Joriy yil 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan muhtaram Prezidentimizning topshiriqlariga asosan, viloyat IIBB rahbariyati va Angren shahar hokimi tomonidan 2-mintaqa hududidagi yashash sharoiti ogʻir boʻlgan, oʻz xizmat vazifasini namunali oʻtayotgan 24 nafar xodimlarga zamonaviy uslubda qurilgan va jihozlangan 2 va 3 xonali xonadonlar topshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavsiyalariga asosan oʻz xizmat vazifasini halol va sidqidildan bajargan xodimlarga yangi tuzilgan Maxsus jamgʻarma hisobidan ustama haq toʻlash tizimi ishlab chiqildi.
Prezidentimizning ichki ishlar xodimlariga berayotgan eʼtiborlari bizni yanada gʻayrat bilan xizmat qilishga undaydi. Xalqning ishonchini oqlash, Vatan tinchligi va farovonligini, fuqarolarning mol-mulkiga boʻlgan daxlsizligini taʼminlash, sodir etilgan jinoyatlarni tezkorlik bilan fosh etish bizning asosiy vazifamiz boʻlib qoladi.
Xotam KADIROV,
Toshkent viloyati IIBB boshligʻining
2-mintaqaviy hudud boʻyicha vakili,
Markaz-boshligʻi podpolkovnik.
“Codiq xizmatlari uchun” medali sohibi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring