JSST Yevropa mintaqaviy byurosi: Har uch bemordan biri antibiotiklardan shifokor retseptisiz foydalanmoqda
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bakteriyalarning preparatlarga chidamli turlarini dunyo aholisi salomatligi uchun oʻnta global tahdiddan biri, deb tan oldi.
Ekspertlar xulosasiga koʻra, dori-darmonlarga chidamli mikroblar har yili jahon boʻyicha 5 million insonning hayotiga zomin boʻladi. Ularning yarim milliondan ziyodi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo 53 davlat hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bu safda Markaziy Osiyo mamlakatlari ham bor.
Ana shu joʻgʻrofiy kenglikda joylashgan 14 davlatda oʻtkazilgan tadqiqotlarning tasdiqlashicha, bu hududda yashovchi aholining uchdan bir qismi antibiotiklarni shifokor retseptisiz qabul qiladi.
Dori vositalaridan oʻzboshimchalik bilan foydalanish superbakteriyalarning jadal koʻpayishi va keng tarqalishiga imkon bermoqda. Oqibatda infeksiyalarni samarali davolash jarayoni qiyinlashyapti.
Xavotirli jihati, bu holat zudlik bilan tartibga solinmasa, 2050-yilga borib, dorilarga chidamli bakteriyalardan yillik oʻlim koʻrsatkichi 10 millionga yetishi mumkin.
Gʻarbiy Bolqon, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalaridagi 14 mamlakatni qamrab olgan tadqiqotga jalb etilgan 8221 nafar respondentning yarmi oʻtgan yili antibiotiklardan foydalanganligini tan oldi. Eng yomoni, ularning 33 foizi antibakterial vositalarni shifokor retseptisiz sotib olgan. Hatto baʼzi mamlakatlarda bu koʻrsatkich 40 foizdan yuqori.
Ishtirokchilarning 67 foizi antibiotiklardan notoʻgʻri foydalanish zararli ekanligidan xabardor. Ammo ularning deyarli yarmi bunday dorilar viruslarga qarshi kurashda samara beradi, degan yanglish xulosada.
— Ushbu oʻrganishlar aholining bunday preparatlar haqida xabardorligini yanada oshirish qanchalar dolzarb ekanligini anglatib turibdi, —deydi JSST eksperti Robb Batler. — Qolaversa, mintaqamizdagi barcha mamlakatlarda antibiotiklarni shifokor retseptisiz sotishni taqiqlashga doir qonun-qoidalar mavjud. Faqat ularning ijrosini qatʼiy nazoratga olish lozim.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring