JSST: Dunyoda koronavirusni yuqtirish holatlari 6 foiz, oʻlim koʻrsatkichi esa 12 foizga kamaydi

19:01 06 Oktyabr 2022 Dunyo
835 0

Oʻtgan haftada koronavirus yana bir qadam ortga chekindi. Garchi bu davrda dunyo boʻyicha 2,9 milliondan ortiq kishida kasallik aniqlangan boʻlsa-da, koʻrsatkichlar 19-25-sentyabr sanalariga qiyoslaganda 6 foizga kamaygan.

Qolaversa, SOVID-19 hafta davomida 8,3 ming nafardan ziyod bemorni hayotdan olib ketdi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bu raqamlarni tahlil qilar ekan, oʻlim holatlari soni 12 foizga pasayganini maʼlum qildi.

Sezilarli kamayish dinamikasi Afrika (-32 foiz) va Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasi (-22 foiz) mamlakatlarida kuzatildi. Yevropada esa aksincha — 8 foizlik oʻsish qayd etildi. Oʻlim holatlarining pasayishi esa barcha mintaqalarda roʻyxatga olindi.

Oʻtgan hafta ichida eng koʻp bemor Germaniyada aniqlandi — 400 mingdan ziyod kishi. AQSHda xastalikka chalinganlar soni 312 ming, Yaponiyada 306 ming nafardan oshdi. Xitoy (303 ming) va Fransiya (qariyb 265 ming) esa navbatdagi oʻrinlarni band etdi.

Yuqori oʻlim koʻrsatkichlari boʻyicha AQSH yana oldinda. Bu yerda xastalik tufayli 2728 kishi hayotdan koʻz yumdi. Shuningdek, Rossiyada 711, Yaponiyada 563, Xitoyda 368 va Braziliyada 286 nafar bemor koronavirus qurboniga aylandi.

JSST eksperti Mariya van Kerxovening taʼkidlashicha, COVID-19 butunlay yoʻq boʻlib ketmaydi va insoniyat u bilan yashashga majbur. Ijobiy jihati esa biz bu xavfli kasallikka qarshi samarali diagnostika va davolash usullari hamda vaksinalarga egamiz.

Kerxovening soʻzlariga koʻra, hozir dunyoda “omikron” shtammining BA.5 subvarianti dominant. Xastalikdan asosan emlanmagan aholi qatlami aziyat chekmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер