JSST bezgakka qarshi yangi vaksinani tasdiqladi
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, dunyoda yiliga oʻrtacha 247 million kishiga bezgak tashxisi qoʻyilyapti. Qurbonlar soni 600 ming nafardan oshmoqda.
Ushbu koʻrsatkichlarning oʻrtacha 95 foizi Afrika qitʼasida roʻyxatga olinyapti. Eng yomoni, mintaqada ushbu infeksiya oqibatida hayotdan koʻz yumayotganlarning 80 foizi — besh yoshgacha boʻlgan bolalar.
Bunday murakkab epidemiologik vaziyat bezgakka qarshi yangi vaksina yaratish jarayonini yanada jadallashtirib yubordi va nihoyat ijobiy natijaga erishildi ham.
Kecha JSST bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan yangi vaksinani tasdiqladi. U bundan ikki yil avval foydalanishga tavsiya etilgan ilk muqobilidan, eng avvalo, arzonligi bilan farqlanadi.
Yangi emlash vositasi R21 deb nomlandi. Uning mualliflari — Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti olimlari.
Maʼlumotlarga koʻra, har ikki vaksinaning samaradorligi oʻxshash. Shunga qaramay, R21 ning bir dozasi 2-4 dollarga teng va bir kishi uchun toʻrt doza talab etiladi. Bu, avvalgi RTS,S vaksinasi narxidan ikki barobar arzon.
Eslatib oʻtamiz, bezgakka qarshi emlash vositasini yaratish uchun dunyo olimlariga 100-yildan koʻproq vaqt zarur boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring