Joʻmrakdan nega issiq oʻrniga iliq suv keladi?
Foto: “Xalq soʻzi”
Respublika Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi hamkorligida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda viloyatdagi iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali turar-joylarni 2023/24 yillar kuz-qish mavsumi davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning bugungi kundagi ahvoli boʻyicha boshqarma boshligʻining oʻrinbosari hamda viloyat “Issiqlik manbai” DUK direktorining maʼruzalari tinglandi.

Taʼkidlandiki, mavsumga tizimdagi har bir korxona va tashkilotda aniqlangan kamchilik va nosozliklar hamda ajratilgan mablagʻ doirasida chora-tadbirlar belgilanib, tayyorgarlik koʻrilmoqda. Xususan, koʻp qavatli uy-joy fondini mavsumga tayyorlash uchun turli manbalar hamda boshqaruv servis kompaniyalari mablagʻlari hisobidan 364 ta koʻp qavatli uylarni taʼmirlash rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda ularning 185 tasida ishlar nihoyasiga yetkazilgan. Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari –tibbiyot muassasalarining rejadagi 6 tasidan (2 tasi mukammal, 3 tasi joriy) bittasidagina taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilgan.
Holatni viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari aslida taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilgan obyektlar anchagina koʻpligi, maʼlumotga esa dalolatnoma asosida qabul qilinganlarigina kiritilganligi bilan izohladi.
Tadbirda shuningdek, mavsumga tayyorgarlik jarayonlari davrida viloyat boʻyicha qancha suyultirilgan gaz, koʻmir zaxiralari yaratish hamda ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohalari hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish borasidagi maʼlumotlar ochiqlandi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlari kundalik hayotda koʻp bor kuzatayotgan masalalar, xususan, “Doʻstlik bayrogʻi” gazetasi vakili koʻp qavatli uylarda issiq suv joʻmragi ochilganda dastlab (taxminan 5-6 minut davomida) sovuq suv kelishi, vaholanki, undan oqqan suvni hisoblagich issiq suv hisobiga kiritib, isteʼmolchi shu asosda pul toʻlashi qanchalik adolatli ekanligiga izoh soʻradi.
— Biz taʼminotchi korxonadan issiq suvni belgilangan meʼyorlar darajasida qabul qilamiz, — deydi viloyat “Issiqlik manbai” DUK direktori Bekzod Ulugʻnazarov. — Lekin bizda sistema shundayki, foydalanilmasa, quvurlardagi suv sovib qoladi. Muzkur muammoni bartaraf etish uchun birgina Navoiy shahridagi 462 kilometrlik issiq suv taʼminoti quvurlari yonidan yana ikki qator quvur tortish lozim. Shunda sovigan suv taʼminotchiga qaytib turishi, aylanishi taʼminlanadi.
Tadbirda mutasaddilari oʻzlarini uzoq yillardan buyon qiynayotgan masalalar yuzasidan jurnalistlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirishdi.
— Keyingi paytlarda kanalizatsiya tarmoqlariga turli tagliklar tashlash, koʻpqavatli uylardagi liftlarning sensorli boshqaruvini sindirish, maishiy chiqindilarni balkondan uloqtirish, qishloq joylarda “Obod qishloq” dasturi doirasida oʻrnatilgan stellalardagi qishloq nomi yozuvini sindirib, ichidagi led lampalarni olish kabi holatlar koʻp uchramoqda, — dedi viloyat Qurilish va uy-joykommunal xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Nuriddin Jumaniyozov. – Albatta, bu fuqarolarimizda kommunal isteʼmolchi madaniyati yetishmasligining oqibati. Bu borada hamkorligimizni yanada takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz.
Anjumanda jurnalistlarning mavzu bilan bogʻliq savollariga batafsil javob berildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring