Jomboyda o‘qituvchi ishga tiklandi
Illyustrativ foto
Avvalo shuni qayd etish kerakki, Konstitusiyamizning 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan.
Fuqarolarimizning ushbu konstitusiyaviy huquqlari amaldagi mehnat qonunchiligida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, qonunga ko‘ra hech kim asossiz ravishda ishdan bo‘shatilishi mumkin emas. Ammo shunga qaramay, kundalik hayotda mehnat bilan bog‘liq nizolar uchrab turibdi.
Shu o‘rinda, majburiy progul - bu muayyan xodim ish beruvchining aybi bilan ishlash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan vaqt sanalib, u ish beruvchining aybi bilan yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda bejiz to‘xtalganimiz yo‘q.
Majburiy ijro byurosi Jomboy tuman bo‘limi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudining Jomboy tumanidagi 17-sonli maktabga nisbatan undiruvchi D.J.ni ishga tiklash, majburiy progul uchun ish haqini undirish to‘g‘risida ijro varaqasi kelib tushgan.
Majburiy ijro harakatlari davomida undiruvchi D.J. maktabning boshlang‘ich sinf jismoniy tarbiy fani o‘qituvchisi vazifasiga tiklandi va majburiy progul kunlari uchun ish haqining to‘liq undirib berilishi ta’minlandi.
Bu dalilni keltirishdan maqsad shuki, har bir ish beruvchi mehnat qonunchiligini chuqur bilishi va unga qat’iy amal qilishi zarur. Shundagina xodimlarning huquqlari ishonchli himoya qilinadi, ko‘ngilsiz holatlar yuz bermaydi.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring