Jizzaxning qarovsiz adirlari “yashil xazina”ga aylanmoqda

09:53 10 Aprel 2026 Jamiyat
204 0

Gʻallaorol tumani “Koʻkbuloq” massivida hudud qishloq xoʻjaligi tarixida yangi sahifa ochildi. Davlatimiz rahbarining 2025-yil dekabr oyidagi Jizza viloyatiga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida BMB HOLDING kompaniyasi tomonidan yirik investitsion loyihaning yangi bosqichi, eksportbop gilos koʻchatlari ekishga start berildi.

Gʻallaorol va Sharof Rashidov tumanlarining yillar davomida suv taʼminoti yoʻqligi, qish va bahor oylaridagi yogʻingarchiliklarga qaram boʻlgan 500 gektar yer maydonlarida ayni vaqtida ilgʻor agrotexnologiyalar qoʻllanilib, mahalliy hamda xorijdan keltirilgan, invitro usulida yetishtirilgan yuqori eksportbop gilos navlari ekilib, intensiv bogʻlar yaratilmoqda.

— Birinchi bosqichda Niderlandiya hamda Polsha davlatlaridan olib kelingan va “Samarqand Sharq sanoati” korxonasi laboratoriyalarida invitro usulida koʻpaytirilgan “Batirma” navli achchiq gilos koʻchatlaridan 50 ming donasi 4x2,5 sxemada ekiladi, — deydi Qishloq xoʻjaligi fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Sobir Egamberdiyev. — Mazkur loyihaning umumiy qiymati qariyb 350 mlrd soʻmni tashkil qilib, hozirda 26,2 mlrd soʻmlik ishlar toʻliq Xoldingning oʻz mablagʻlari bilan yoʻlga qoʻyildi. Qolgani esa investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi. Uning yillik quvvati 1000 tonna gilos yetishtirishdan iborat.

Ushbu loyiha nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham muhimdir. U toʻliq quvvat bilan ishga tushgach, 50 nafar doimiy va 800 nafarga yaqin mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi.

BMB GARDENS loyihasi mahsulotni yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash va eksport qilishgacha boʻlgan yagona zanjirni yaʼni klaster tizimini shakllantiradi. Bu esa yurtimizning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va milliy brendimizni jahon bozorlarida mustahkamlash yoʻlidagi navbatdagi muhim qadamdir.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер