Jizzaxlik sportchilar “Boshqird otlari” festivalida ishtirok etishdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi Baymoqli tumanining “Turizm markazi”da “Boshqird otlari” xalqaro festivali boʻlib oʻtdi.
Festivalda yurtimiz nomidan Jizzax viloyati delegatsiyasi ishtirok etdi. Yurtimiz sportchilari ot sporti, kamondan otish va kurash sport turlari boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyon etishdi.
— Ushbu festivalda hududlar oʻrtasida doʻstlik aloqalari oʻrnatildi, shuningdek, ot sporti va yilqichilik, agroekoturizmni rivojlantirish boʻyicha muloqotlar olib borildi, — deydi Jizzax viloyat hokimi oʻrinbosari, viloyat delegatsiyasi rahbari Akmal Savurbayev. — Sportchilarimiz jamoaviy musobaqalar va oʻyinlarda qatnashishdi, turli koʻrgazmalarda ishtirok etishdi va naslli otlarni koʻpaytirish, qimiz ishlab chiqarish hamda uni tibbiyot sohasida qoʻllash masalalari yuzasidan fikr almashishdi.
Festival yakunida Boshqirdiston Respublikasi va Jizzax viloyati oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy, agrar va gumanitar sohalar, xususan, madaniyat, turizm, fan-taʼlim, sport yoʻnalishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishildi.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring