Jizzaxda qattiq maishiy chiqindi poligonlari quriladi
2024–2026-yillar davomida Jizzax viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash koʻchma stansiyalarini yaratish, yangi qattiq maishiy chiqindi poligonlarini qurish va amaldagi poligonlarda zamonaviy talablarga javob beradigan chiqindixonalarni qayta qurish ishlari amalga oshiriladi.
2021-yil 2-dekabr kuni Jizzaxda 2022–2026-yillarda chiqindi sohasini rivojlangan mamlakatlardagidek tashkil etish va rivojlantirish yuzasidan Janubiy Koreyaning atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) Jizzax viloyati hokimligi oʻrtasida bu borada qoʻshma Memorandum imzolangan. Loyiha uchun 6,6 mln AQSH dollari miqdoridagi grant va 90 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlari ajratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-67-son Qaroriga asosan grant mablagʻlari Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanidagi chiqindilar poligonida 500 kVt-1 MVt quvvatiga teng chiqindi poligonlaridan chiqayotgan gazlarni yigʻish inshooti va 500 kVt-1 MVt quvvatga ega elektr stansiyasiga ulanishi mumkin boʻlgan chiqindi gaz yigʻish tizimi quriladi.
Shuningdek, bu mablagʻlar evaziga kuniga 5-10 tonna tibbiyot chiqindilarni yoqish inshootini oʻrnatiladi hamda chiqindixonaning moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida maxsus texnika va boshqa qurilmalar xarid qilinadi.
Qiymati 90 mln AQSH dollari boʻlgan kredit mablagʻlari esa Koreya Iqtisodiy taraqqiyot hamkorlik jamgʻarmasi (EDCF) tomonidan ajratilgan boʻlib, mazkur loyiha hujjati Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan koʻrib chiqilib, xorijiy hamkor “EDCF” Fondi hamda KEITIga kiritilgan.
Taʼkidlash joizki, loyiha doirasida Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida 3 ta ekologik norma va sanitar talablarga javob beradigan qattiq maishiy chiqindi poligonlari, 5 ta hududda kompostlash va chiqindilarni saralash kompleksi hamda Zarbdor, Arnasoy, Paxtakor, Mirzachoʻl, Yangiobod va Baxmal tumanlarida 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari quriladi.
Qolaversa, chiqindixonalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida qattiq maishiy chiqindi poligonlarida zichlash ishlarini amalga oshirish uchun 5 ta maxsus texnika, konteynerlarni tashish uchun 12 ta maxsus texnika, chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi uchun sigʻimi 60 kub metr boʻlgan 28 ta konteyner, 5 ta buldozer, 5 ta ekskavator, 5 ta avtoyuklagich, 5 ta samosval va kompostlash uchun uskunalar xarid qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring