Jizzaxda agromarafon boʻlib oʻtdi

15:32 06 Noyabr 2021 Jamiyat
591 0

Foto: Халқ сўзи

Jizzaxda Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston yosh fermerlar kengashi hamkorligida navqiron avlod vakillarini innovatsion izlanishlarga jalb etish, ilgʻor fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish va ular uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish maqsadida agromarafon tashkil etildi. Unda 500 nafardan ziyod yosh fermerlar, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish istagidagi yigit-qizlar ishtirok etdi.

Dastlab ishtirokchilar Sharof Rashidov tumanida 4 gektar maydonda intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashgan “GOLD FISH AGRO” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʻlib, koʻp qirrali korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan soʻng agromarafon qatnashchilari Zomin tumanidagi “Agro Finans Leasing” bogʻiga tashrif buyurdi. Bu yerda yurtimizdagi qishloq xoʻjalik sohasida yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirokida mahorat darslari oʻtkazildi. Soha mutaxassislari tomonidan qishloq xoʻjaligida yuqori natijalarga erishish sirlari, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishda nimalarga eʼtibor qaratish hamda uni rivojlantirishda Internet imkoniyatlaridan keng foydalanish toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

— Tadbir davomida yoshlarga oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib agrar sohada bizneslarini boshlashi va rivojlantirishi uchun motivatsiya berishga harakat qildik, - deydi “Mevali” kompaniyasi direktori Mansur Rahimov. — Biz yosh ishtirokchilar bilan suhbat va oʻtkazilgan treninglar davomida shunga amin boʻldikki, ularning qishloq xoʻjaligi sohasida tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishga qiziqishi va ishtiyoqlari baland. Faqat ularni qoʻllab-quvvatlash va toʻgʻri yoʻl koʻrsatish kerak. Bugungi agromarafon bu borada ayni muddao boʻldi, desak yanglishmaymiz.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер