Jizzaxda 250 mln soʻmlik sifatsiz dori vositalari savdosi toʻxtatib qolindi
Jizzax viloyatida sifati kafolatlanmagan dori vositalarini savdoga chiqarilishining oldi olindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Forish tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan Sh.A. fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan tegishli sifat sertifikatiga ega boʻlmagan 15 turdagi jami 1 071 quti dori vositalarini 250 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring