Jizzax yashil vohaga aylanmoqda

21:00 15 Aprel 2026 Jamiyat
255 0

Bugun viloyatning qay bir goʻshasiga bormang, qoʻlida bel va nihol tutgan odamlarni uchratasiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlagan “Yashil makon” umummilliy loyihasi Jizzaxda shunchaki tadbir emas, balki chinakam hasharga aylanib ketdi. Nuroniylar duosi, yoshlar gʻayrati va mutaxassislar tajribasi birlashib, viloyat bogʻ-rogʻlari va adirlari yashil libosga burkanmoqda.

Joriy yilgi mavsumda viloyat boʻyicha jami 5 million 912 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta koʻchatlari ekilishi belgilangan. Bu shunchaki raqam emas, bu kelajakdagi toza havo, fayzli salqin koʻchalar va toʻkin dasturxon demakdir. Eng muhimi, “koʻchatni qayerdan topamiz, nihollar qurib qolmaydimi?” degan xavotirga oʻrin yoʻq. Chunki, viloyatda allaqachon 3,2 million tup sifatli koʻchatlar zaxirasi yaratilgan.

— Biz koʻchat ekishda faqat songa emas, balki uning yerga mosligi va keyingi taqdiriga ham alohida eʼtibor beryapmiz, — deydi Jizzax viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi shuʼba mudiri Qobil Mingboyev. — Zaxiramizdagi koʻchatlarning 2 million 108 mingtasi oʻrmon xoʻjaliklarida, 487 mingtasi koʻchatchilik yoʻnalishidagi fermer va dehqon xoʻjaliklarida, 551 mingtasi aholi tomorqalari va boshqa tadbirkorlik subyektlari tomonidan tayyorlandi.

Shuni ham alohida taʼkidlab oʻtish lozimki, keyingi yillarda Zomin davlat oʻrmon xoʻjaligida 600 gektar, Baxmal tuman oʻrmon xoʻjaligida 360 gektar suv borishi qiyin boʻlgan togʻ yon bagʻirlari va adirli maydonlarga yomgʻir va qor suvlaridan unumli foydalanish maqsadida “terassa” usulida koʻchatlar qadalib, yangi oʻrmonlar tashkil etildi. Bu ishlar togʻlarimizning tabiiy goʻzalligini tiklash bilan birga, tuproq yemirilishining ham oldini oladi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi yerlarida ham yirik-yirik maydonlarda mevali bogʻlar barpo etilmoqda. Baxmal tumanida faoliyat olib borayotgan fermer xoʻjaliklari tomonidan 200 gektardan ortiq maydonda 230 mingdan ortiq mevali daraxt koʻchatlari ekilgan boʻlsa, “Yoʻl koʻkalam” davlat muassasasi tomonidan Sharof Rashidov va Paxtakor tumanlari hududidan oʻtuvchi avtomobil yoʻllari boʻylarida 200 ming tupdan ortiq tez oʻsuvchi terak daraxti koʻchatlari ekilib, “Yashil belbogʻlar” barpo etilmoqda.

Forish tumanining Aydar-Arnasoy koʻliga tutash boʻlgan choʻl hududlarida 200 gektar maydonda “Yashil qoplamalar” barpo etish ishlari rejalashtirilgan. Ayni paytda viloyatimizda “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar qizgʻin davom etmoqda.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?