Jismoniy shaxslarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq imtiyozlari qoʻllaniladi

11:04 13 Noyabr 2021 Siyosat
850 0

Joriy yilning 12-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda dastlab “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi qonun bilan arbitrni tayinlash, taʼminlash chorasini tan olish yoki ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni, arbitrni rad etishni qanoatlantirish, arbitr vakolatlarining amal qilishini tugatish xususidagi qarorni qabul qilish, arbitraj sudining yurisdiksiyasi masalasi yuzasidan qarorlar qabul qilish, dalillarni olishga koʻmaklashish, arbitraj hal qilish qarorini bekor qilish kabi arizalarni koʻrib chiqish iqtisodiy sud vakolatiga kiritilgan.

Yuqoridagi oʻzgartirishlarni inobatga olib, mazkur qonun loyihasida Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda. Xususan, loyiha bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga quyidagi qoʻshimchalar kiritilyapti. Agar sudya maʼlum ishni avvalgi koʻrib chiqish chogʻida arbitraj sudining arbitri sifatida ishtirok etgan boʻlsa, u ishni koʻrib chiqishda ishtirok etishi mumkin emasligini va rad qilinishi lozimligi, arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlarni iqtisodiy sudlar sudloviga kiritishni nazarda tutuvchi yangi band, arbitraj muhokamasining taraflaridan biri chet ellik shaxs – Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti boʻlishi munosabati bilan arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqishni viloyat darajasidagi sudlarning sudloviga kiritish taklif etilmoqda.

Deputatlar tomonidan aytib oʻtilganidek, arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq arizalar va iltimosnomalarni koʻrib chiqishning sudlovga tegishliligini nazarda tutuvchi va arbitraj sudida koʻrilayotgan daʼvo boʻyicha iqtisodiy sud tomonidan taʼminlash choralari koʻrilishi toʻgʻrisidagi arizaga ilova qilinadigan hujjatlarga qoʻyiladigan talabni nazarda tutuvchi yangi qism bilan toʻldirilayotgani davogar va ijrochi oʻrtasidagi tushunmovchiliklarga barham berishi bilan ahamiyatlidir.

Yigʻilishda deputatlar sarsongarchilikning oldini olish maqsadida daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish va daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslariga qoʻshimchalar kiritilayotganiga toʻxtalib, ushbu masala notoʻgʻri talqin etilishi va oʻzaro nizolarning ortib ketishini oldini olish maqsadida normalarni aniq belgilab qoʻyish lozimligini bildirdi.

Fraksiya yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 378-moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham qizgʻin muhokama qilindi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasini qabul qilinishi bilan amaliyotda bir-birini zidlovchi qonun hujjatlar yuzaga kelishining oldi olinadi va aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tizimlashtiriladi. Asosiysi, qonun loyihasining qabul qilinishi aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

Xususan, Soliq kodeksiga 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab Soliq toʻlovchi tomonidan tegishli xalqaro uyushmaga aʼzo boʻlish uchun aʼzolik badallariga hamda qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlariga yoʻnaltiriladigan oʻzining ish haqi va boshqa daromadlari summasi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinishi belgilanmoqda.

Shuningdek, loyihada oliy va professional taʼlim muassasalarida oʻqish uchun tijorat banklaridan olingan taʼlim kreditlarini qoplashga yoʻnaltirilgan jismoniy shaxslarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq imtiyozlari qoʻllanilishi nazarda tutilyapti.

Yigʻilishda muhokama etilgan qonun loyihalari boʻyicha deputatlar tomonidan partiya pozitsiyasidan kelib chiqqan holda bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер