Jinoyatlarga qanday barham berildi?

14:35 07 Aprel 2026 Jamiyat
203 0

Qayerda xavfsizlik taʼminlansa, odamlar ertangi kunga ishonch bilan qaraydi, bolalar bemalol maktabga borishi, tadbirkor esa oʻz biznesini kengaytirish imkoniyatiga ega boʻladi. Aks holda, jinoyatchilik ildiz otgan muhitda nafaqat iqtisodiy, balki maʼnaviy tanazzul ham kuzatiladi. Shu bois davlat siyosatida jinoyatchilikning oldini olish va hududlarni xavfsiz makonga aylantirish muhim yoʻnalishlardan biriga aylangan.

Ammo inson nima uchun jinoyatga qoʻl urgani haqida soʻz borganda, bir soʻz bilan javob berish qiyin. Amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, koʻp hollarda buning ortida ijtimoiy muammolar yotadi: ishsizlik, doimiy daromad manbaining yoʻqligi, oilaviy muammolar, befarqlik — barchasi insonni notoʻgʻri yoʻlga boshlashi mumkin. Baʼzan eʼtiborning yetishmasligi, dardni eshitmaslik ham qalbda ishonchni soʻndirib qoʻyadi. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, jinoyatchilikka qarshi kurash faqat jazo choralari bilan cheklanib qolmasligi, balki uning ildiz sabablarini bartaraf etish orqali olib borilishi lozim.

Izboskan tumanida bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar shu tamoyilni hayotga tatbiq etishning yorqin ifodasiga aylanmoqda. Oʻtgan yili tuman kriminogen vaziyati ogʻir hududlar qatorida qayd etilgan edi, bu esa mutasaddilar oldiga katta vazifalarni qoʻydi. Qisqa vaqt ichida vaziyatni oʻzgartirish oson emas, ammo tizimli yondashuv orqali buning uddasidan chiqish mumkinligi amalda isbotlandi.

– Joriy yilning shu davriga qadar jinoyatchilik oʻtgan yilga nisbatan 32,2 foizga kamaydi, – deydi tuman IIB boshligʻi Muhriddin Rahmonov. – Buning ortida esa katta mehnat, izchil ishlar va eng muhimi — aholi bilan muloqot yotadi. Masalan, “Toʻrtkoʻl” qishlogʻi hududini olaylik. Ilgari bu yerdagi 12 ta mahallaning 4 tasi “sariq” toifaga kiritilgan edi — yaʼni jinoyat sodir etish xavfi yuqori boʻlgan hududlar. Har bir mahalla, har bir xonadon alohida oʻrganildi. Mutasaddilar xonadonma-xonadon yurib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Odamlar dardi eshitildi, ularni qiynayotgan muammolar qayd etildi. Ana shu jarayonda aniqlashdiki, koʻplab muammolarning ildizida ishsizlik va daromad manbaining yoʻqligi yotar ekan. Shu bois asosiy eʼtibor aholi bandligini taʼminlashga qaratildi. Jumladan, ijtimoiy reyestrda turgan 1771 nafar xotin-qiz toʻliq ish bilan taʼminlandi. Bu nafaqat ularning oilaviy iqtisodiy ahvolini yaxshiladi, balki jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikni ham mustahkamladi.

Ilgari xavotirli deb baholangan mahallalarda bugun jinoyat sodir etilmayotgani qayd etilmoqda. Bu esa “jinoyatga qarshi kurash avvalo insonga eʼtibordan boshlanadi” degan fikrning amaldagi tasdigʻidir.

Izboskan tajribasi yana bir haqiqatni koʻrsatmoqda: muammoni faqat oqibati bilan emas, sababi bilan hal etish kerak. Agar inson ish bilan band boʻlsa va daromadi boʻlsa, ertangi kunga ishonchi mustahkam boʻladi. Bunday sharoitda u jinoyat yoʻliga kirishni emas, halol mehnat qilishni afzal koʻradi.

– Ichki ishlar xodimlari xonadonimizga tashrif buyurib, sharoitimiz bilan tanishdi, – deydi “Istiqlol” MFYda yashovchi Turgʻunoy Karimova. –Oʻgʻlim hech qayerda ishlamasligini aytganimizdan soʻng, uning imkoniyatlari va xohishlari bilan qiziqishdi. Keyin mebel ishlab chiqarish korxonasiga ishga joylashtirildi. Hozirda oylik maoshi yaxshi, roʻzgʻorimiz but!

Izboskanda yoʻlga qoʻyilgan bu tizimli va insonparvar yondashuv nafaqat bugungi natijalarni, balki ertangi barqaror taraqqiyotni ham taʼminlamoqda. Eng muhimi, bu tajriba tinchlik va xavfsizlikka erishish tasodif emas, balki xalq bilan yelkadosh boʻlib ishlash, uning dardini eshitish va muammolarni joyida hal etish orqali qoʻlga kiritilishini yaqqol namoyon etmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер