“Jinoyat oʻchoqlari”ni bartaraf etish uchun nima zarur?

17:30 09 Aprel 2021 Jamiyat
923 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida navbatdagi — IIV Axborot xizmati tomonidan davlatimiz rahbarining “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan brifing tashkil etildi.

Unda vazirlik axborot xizmati, Jamoat xavfsizligi departamenti, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti, Jazoni ijro etish departamenti rahbarlari va masʼul xodimlari, shuningdek, OAV vakillari qatnashdi.

Brifingda taʼkidlanganidek, Prezident Farmoni ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning yangi mexanizmlarini joriy etishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

— Hujjatda har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolarni bevosita joylarning oʻzida hal etish masalalariga alohida urgʻu berilgan, — deydi Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi, polkovnik Sh. Giyasov. — Qolaversa, hududlarda jinoyatchilik ahvolidan kelib chiqib, har bir tuman, shahar

va mahallalarni toifalarga ajratish hamda hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda “jinoyat oʻchoqlari”ni bartaraf etish uchun barcha zarur kuch va vositalar jalb qilinadi.

Tadbirda, shuningdek, “respublika — viloyat — tuman — mahalla” tizimi asosida yaxlit boshqaruv va uzluksiz nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish, ichki ishlar va boshqa davlat organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyatini samarali muvofiqlashtirish orqali mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy qiyofasini yaratish, ularning masʼuliyati va kasbiy salohiyatini oshirish, jinoyatchilikning yangi koʻrinishlariga qarshi kurashish uchun zarur koʻnikmalarni shakllantirish hamda sohani toʻliq raqamlashtirishga erishish borasida qilinishi lozim boʻlgan ishlarga toʻxtalindi.

Shu bilan birga, Farmonda ichki ishlar vazirligi tuzilmasini takomillashtirish orqali turdosh sohaviy xizmatlar faoliyatini boshqarish

va muvofiqlashtirishning yagona tizimiga koʻra, bir nechta boshqarma va xizmatlarni oʻz ichiga olib, qayta tashkil etilgan — Tezkor-qidiruv departamenti, Jamoat xavfsizligi departamenti, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti, Jazoni ijro etish departamenti haqida ham maʼlumotlar berildi.

Bundan tashqari, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish va ularda kunlik nazoratni olib borish Jazoni ijro etish departamenti tizimida tashkil etiladigan 6 ta mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari tomonidan amalga oshirilishi maʼlum qilindi.

Brifing davomida bloger va OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga Ichki ishlar vazirligining rahbar va masʼul xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.

Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”).
Sardor MULLAJONOV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер