Jek Ma Xitoyning eng boy odami nomini yoʻqotdi
Foto: rbc.ru
Alibaba Group asoschisi Jek Ma Xitoyning eng boy odami nomini yana Tencent Holdigs onlayn-oʻyinlar distribyutori asoschisi Ma Xuatenga boy berdi. Bu haqda Forbes nashri xabar berdi.
Ayni vaqtda Maning boyligi 40,7 mlrd dollarga, Ma Xuatenniki esa 48,3 mlrd dollarga baholanmoqda.
“Forbes”ning 2020-yil martda eʼlon qilingan yillik reytingida Jek Ma 38,8 mlrd dollar bilan xitoylik milliarderlar orasida 1-oʻrinni egallayotgandi. Ma Xuaten esa undan 700 mln dollar ortda qolayotgandi.
Nashr Ma Xuaten boyligining keskin ortishini Tencent aksiyalari narxi oshishi bilan bogʻlagan. Joriy yil boshidan beri ushbu kompaniya aksiyalari 14 foizga oshgan. Bu esa koronavirus pandemiyasi sharoitida uydan chiqishning cheklanishi ortida onlayn-oʻyinlarga talab oshgani bilan izohlandi. Joriy yilning 1-choragida “Tencent”ning tushumi 26 foizga oshib, 108 mlrd yuandan (15 mlrd dollar) koʻproqni tashkil qilgan.
“Foydalanuvchilar uyda qolayotganlari sababli mahsulotlarimiz hech qachon bunchalik talabgir boʻlmagan”, deb aytgan 13-may kuni Ma Xuaten.
Biroq “Forbes”ning taʼkidlashicha, Xitoyda karantin cheklovlari bekor qilingach, Tencent xizmatlari va mahsulotlariga talab kamayishi mumkin, chunki bu odamlar, jumladan, oʻsmirlarning uylarda kamroq vaqt oʻtkazishlariga olib keladi, iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi esa ularni oʻyinlarga xarajatlarni kamaytirishga undaydi.
Buning natijasida Jek Ma va Ma Xuaten yana oʻrin almashishlari mumkin. Bundan avval Tencent asoschisi 2019-yil martdagi reytingda Mani ortda qoldirgandi, biroq Alibaba asoschisi noyabrda yetakchilikni yana oʻziga qaytara olgan.
Shu bilan birga, Bloomberg mutaxassislari hisob-kitobiga koʻra, Jek Ma Ma Xuatendan 1 mlrd dollarga boyroq hisoblanadi. Bloomberg Billionaires Index reytingiga koʻra, Jek Ma hozirda dunyoning eng boy odamlari orasida 44,6 mlrd dollar bilan 19-oʻrinni, Ma Xuaten esa 1 mlrd dollarga kamroq boylik bilan 20-oʻrinni egallamoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring