Jajji rassomlar taqdirlandi
«Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi» davlat muassasasi tasarrufidagi «Farhod» madaniyat saroyi «Tasviriy sanʼat studiyasi» oʻquvchi rassomlari Chexiya davlatida boʻlib oʻtadigan anʼanaviy «Lidice — 2023» 51-Xalqaro bolalar tasviriy sanʼat koʻrgazmasida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
— Mazkur tanlovda ishtirok etish uchun oʻquvchilarimizning ijodiy ishlarini pochta orqali Chexiya Respublikasiga joʻnatgan edik, — deydi studiya rahbari Nilufar Xoʻjayeva. — Toʻrt nafar oʻquvchining ijodiy mahsuli hakamlar hayʼati tomonidan yuqori baholangani qalbimizni iftixorga toʻldirdi.
Gʻoliblarni taqdirlash marosimi Navoiy shahridagi «Farhod» madaniyat saroyida oʻtkazilib, ularga Chexiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi oʻquvchilarga maxsus sertifikatlarni topshirdi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, ushbu tanlovga 1967-yilda asos solingan boʻlib, u Chexiyaning Ikkinchi jahon urushida bolalari yoppasiga qirib tashlangan Lidis qishlogʻi nomi bilan atalgan. Koʻrgazmada 16 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻz ijodiy ishlari bilan qatnashishlari mumkin.
Temur ESHBOYEV
(«Xalq soʻzi»).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring