Jarimalar miqdori kamayadi (mi)?

17:22 16 Dekabr 2020 Jamiyat
869 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari (E.Salixov, F.Ashmatov va K.Tojiyev) tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Avval xabar qilinganidek, Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan mamlakatimizda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilash, sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga qaratilgan tahliliy oʻrganish oʻtkazilib, uning natijalari asosida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarining axboroti eshitilgan edi.

Ahamiyatli jihati shundaki, oʻrganishlar davomida asosiy eʼtibor Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti, internet nashrlari hamda “facebook” ijtimoiy tarmogʻi orqali keng jamoatchilikning yoʻl harakati xavfsizligi sohasida bildirgan fikr va takliflariga qaratildi.

Deputatlar tomonidan qonun tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilayotgan mazkur qonun loyihasi qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar, statistik maʼlumotlar tahlili, soha mutaxassislarining fikr va mulohazalari, shuningdek koʻp sonli fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflardan kelib chiqib, tayyorlanmoqda.

Deputatlar qonun loyihasi bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni maqsad qilib qoʻymoqda:

— “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi Kodeksga yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim turdagi qoidabuzarliklarga nisbatan bazaviy hisoblashning “eng kam” va “eng koʻp” miqdorda belgilangan jarimalarning minimal darajasini qoʻllash;

— takroran sodir etilgan baʼzi huquqbuzarliklarga nisbatan jarimalar miqdorini kamaytirish;

— ayrim huquqbuzarliklarga nisbatan jarimalar miqdorini oqibatidan kelib chiqqan holda belgilash.

Taʼkidlash lozim, ishlab chiqilayotgan qonun loyihalari Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritilib, siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamalaridan soʻng, Qonunchilik palatasi yalpi majlislarida uch oʻqishda koʻrib chiqiladi.

Bundan tashqari, qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan eshituv muhokamalari natijasiga koʻra, hukumatning ayrim qarorlariga ham quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda:

— avtotransport vositalarini roʻyxatdan oʻtgan hududidan qatʼi nazar, respublikaning istalgan hududida texnik koʻrikdan oʻtkazishga ruxsat berish;

— haydovchilik guvohnomalarini berish jarayonlarida inson omilini kamaytirishga qaratilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

— haydovchilik guvohnomalarini yoʻqotgan (oʻgʻirlangan, yongʻin, tabiiy ofat oqibatida va boshqa hollarda) shaxslarga dublikat berish tartibini soddalashtirish.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan svetoforli chorrahalarda oʻnga burilish belgilarining qamrovini kengaytirish choralari ham koʻriladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, aynan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzolarining tashabbusi bilan qabul qilingan qonunga koʻra sugʻurta polisi boʻlmagan haydovchilarning avtotransport vositasini jarima maydonchasiga kiritib qoʻyish tartibi bekor qilinib, bu keng jamoatchilik tomonidan ijobiy qoʻllab-quvvatlangan edi.

Qonun loyihasini qabul qilish jarayonlari xususida qoʻshimcha axborot berib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер