Janubiy Koreyada ijtimoiy masofani saqlash reglamenti joriy etilmoqda

10:15 29 Iyun 2020 Dunyo
794 0

Janubiy Koreyada koronavirus infeksiyasini yuqtirish bilan bogʻliq yangi holatlar koʻpayib borayotgani uchun ijtimoiy masofani saqlash boʻyicha uch darajali tizim joriy etiladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Ushbu mamlakat sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi maʼlumotlariga koʻra, bu tizimda turli darajalardagi cheklovlar nazarda tutiladi.

Birinchi daraja virusga chalinish bilan bogʻliq yangi holatlar faqat shahar tibbiyot muassasalarida kuzatilsa, yoki ular bemorlarni qabul qilishga “qurbi yetsa”, amalda boʻladi. Ikkinchi bosqich 14 kun davomida bemorlar soni 50 nafardan oshsa, ammo 100 nafarga yetmasa, u holda ikkinchi daraja joriy etiladi. Uchinchi daraja esa kasallanish bilan bogʻliq yangi holatlar 100 tadan oshib ketsa, tatbiq qilinadi.

Ayni paytda Janubiy Koreyada, jumladan, Seulda sotsial masofalashuvning birinchi bosqichi amalda boʻlib turibdi. Mamlakatda plyajlar va akvaparklar ochilgan. Shu haftadan boshlab sport musobaqalari vaqtida arenalarga muxlislarning kirishiga qisman ruxsat etilishi rejalashtirilyapti.

Agar ikkinchi daraja joriy etiladigan boʻlsa, u holda ommaviy tadbirlar yana cheklanadi. Xususan, tadbirlarda yopiq inshootlarda 50 kishigacha, ochiq havoda esa 100 kishigacha ishtirok etishga ruxsat beriladi. Uchinchi darajada 10 kishidan ortiq odam qatnashadigan har qanday tadbir taqiqlanadi, taʼlim muassasalari esa yana yopiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер