Jamoatchilik muhokamasida faol ishtirok etib, fuqarolik pozitsiyamizni namoyon etaylik
Foto: “Xalq soʻzi”
Mamlakatimizda 2024-yil “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” etib belgilandi va bu yilda Yangi Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy hayotida amalga oshiriladigan islohotlar va asosiy tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha Davlat dasturi loyihasini jonajon Vatanimizning bugungi va ertangi kuni toʻgʻrisida qaygʻuradigan fuqaro sifatida biz pedagoglar ham kutayotgan edik. Kutishlarimiz koʻp boʻlmasdan 2024-yil 31-yanvar kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgani eʼlon qilindi.
Mazkur 36 banddan iborat Farmon va 294 banddan iborat Dastur loyihasi bilan tanishib chiqib, mamlakatimizning “tarixiy islohotlar davri”da yashayotgani chuqur his qildik. Bu jarayonda jimgina, eʼtiborsizlik qilmasdan taklif-tashabbuslarimizni sarhisob qilib, ayrim vazifalarni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarimizni yuborishni boshladik.
Bu jarayonda jamoatchilik muhokamasi nega dolzarb ekanligi toʻgʻrisida ozgina fikr yuritsak. Birinchidan, demokratik qoidalardan biri ochiqlik va oshkoralik hisoblanadi. Shunday ekan Yangi Oʻzbekistonning yoʻli demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini qurishni maqsad qilgan mamlakatimizning 2024-yilda amalga oshiradigan va asosiy ishlarini belgilab beradigan strategik hujjatni yanada takomillashtirishda jamoatchilik fikri va qoʻllab-quvvatlashi juda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero Amir Temur bobomiz “Temur tuzuklari” asarida taʼkidlaganidek, “Yana tajribamdan oʻtmishkim, garchi ishning qanday yakunlanishi taqdir pardasi orqasida yashirin boʻlsa ham, aqli raso va hushyor kishilardan kengashu tadbir istab, fikrlarini bilmoq lozimdir”.
Ikkinchidan, taraqqiy etgan davlatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, islohotlarning yanada mukammal va samarali natija berishida fuqarolarning ijtimoiy faolligi juda ham zarur.
Uchinchidan, donishmand xalqimizning “Yetti oʻlchab – bir kes” degan maqolidan xulosa chiqaradigan boʻlsak, amalga oshirayotgan ishlarimizda xalqimizning munosabati qancha koʻp boʻlsa, olib borayotgan ishlarimiz shuncha mustahkam va samarali boʻladi.
Bu yilgi Farmon va Davlat dasturini tanishib chiqar ekanmiz, “Besh tashabbus” olimpiadasi 2024-yil 1-martdan boshlab mahalla, taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida oʻtkazilishi belgilanishi yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha ishlarimizni yanada kuchaytiradi. Sababi, shu vaqtga qadar olimpiada mahalla va taʼlim muassasalarini qamrab olgan edi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yoʻnaltirilishi, “Yosh tadbirkor” tanlovi oʻtkazilishi va gʻoliblarni munosib ragʻbatlantirilishini qoʻllab-quvvatlaymiz. Mana shu bandga mamlakatimiz aholisini 60 foizga yaqinini yoshlar tashkil etishini inobatga olib, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 50 foizini yoshlar tadbirkorligiga yoʻnaltirishni taklif etamiz.
Farmonning 5-bandida 2024-yil 1-martdan boshlab “har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasini joriy etish vazifasi belgilangan. Bugungi kunda axborot texnologiyalarga yoshlarimizning qiziqishi yuqoriligini inobatga olib, “har bir mahalladan besh nafar dasturchi” deb oʻzgartirishni taklif etamiz.
12-band boʻyicha tadbirkorlarni maktablarga homiylikka yoʻnaltirish tadbirlarini kuchaytirish, maktabga investitsiyani jalb etish boʻyicha “Maktab fidoiysi” (koʻkrak nishoni, aksiyasi, tanlovi) tizimini joriy etish va bu tizimda gʻolib boʻlganlarga imtiyozlarni joriy etishni taklif etamiz.
Farmonning 27-bandiga qoʻshimcha tarzda “Avtomobilsiz kun” loyihasini amalga oshirishda shu kuni jamoat transportida yoʻl kira haqini 50 foiz etib belgilash kerak. Ana shunda shu loyiha samarali boʻladi. Chunki real holatda bu loyihani amalga oshirishda koʻpchilikni yoʻl xarajatlari qiziqtiradi. Chunki, manzilga yetib olishda bitta transportdan foydalanadiganlar bu loyihada faol ishtirok etishi mumkin. Lekin, 2 yoki 3 ta transport orqali manzilga yetib boriladigan holatda, oʻzining avtomashinasida borishni afzal koʻrib, loyihada ishtirok etmaslikni afzal koʻrish mumkin.
29-band boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarini xizmat vazifasiga hududdagi maktabda yaratilgan sharoitlarni yaxshilash, maktabga homiylarni jalb etish, maktab bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash yoʻnalishidagi tashabbuslarini ragʻbatlantirish tizimini joriy etishni taklif etamiz. Bu ishlarni amalga oshirish orqali jadid bobolarimizni olib borgan ishlarini davom ettirgan boʻlamiz.
Davlat dasturining 7-maqsadi oliy taʼlim bilan qamrovni kengaytirish, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish qismidagi 16-band “Taʼlim tizimini xalqaro mehnat bozoridagi oʻzgarishlar, texnologik jarayonlarga mos tashkil etish, oliygohlardagi taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish” boʻyicha oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni tayyorlashda mutaxassislikka oid ish beruvchi tashkilotlar bilan kelishgan holda chop etishni tavsiya etamiz. Buning natijasida professor-oʻqituvchilar ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorligi mustahkamlanadi.
Bandda keltirilgan Bakalavriatdagi taʼlim tizimini toʻliq qayta koʻrib chiqish va mazmun jihatidan yaqin boʻlgan yoʻnalishlar birlashtirilib, zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish vazifasini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.
Davlat dasturidagi oliy taʼlim tizimiga oid 14-19-bandlardagi vazifalarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz va mazkur vazifalarni amalga oshirishda fidoiylik va masʼuliyatlilik bilan amalga oshiramiz.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi muhokamasi 2024-yil 9-fevralga qadar davom etadi.
Barcha yurtdoshlarimiz, hamkasblarimiz va tengdoshlarimizni Yangi Oʻzbekistonimizning bugungi va ertangi kunini bunyod etishdek sharafli vazifani amalga oshirish va 2024-yilning asosiy strategik hujjati qabul qilinishida siyosiy madaniyatimiz va fuqarolik pozitsiyamizni koʻrsatib, muhokamada faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz.
Oʻtkirjon RAJABOV,
Fargʻona davlat universiteti Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring