Jamiyat barqarorligini taʼminlashda milliy gʻoyaning zarurati: milliy va xorijiy tajriba

14:51 05 Yanvar 2023 Jamiyat
1339 0

Bugungi kunda dunyoda 223 dan ziyod millat, 5 mingdan ortiq etnik guruhlar mavjud boʻlib, ular oʻziga xos xususiyat va rivojlanish imkoniyatlariga ega. Aksar davlatlarda bir necha oʻnlab, baʼzilarida hatto yuzdan oshiq millat va elatlar yashaydi. Aholisining tarkibi turlicha boʻlgan mamlakatlarda har qanday qonun va qarorlar qabul qilish, islohotlarni amalga oshirish va davlatning oʻz rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish hamda uni kundalik hayotga tatbiq etishda bu jarayonlar muhim omil hisoblanadi.

Oʻzbekiston Resublikasida ham ayni vaqtda 130 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qilmoqda. Bu esa ulardagi va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanishga erishish imokniyatlarini oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Bunda, shubhasiz, milliy gʻoyaning oʻrni beqiyos.

Oʻzbekistonda yashayotgan insonlar millati, tili, dini, irqi, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar, barcha fuqarolar qonun oldida tengligi Konstitutsiyamizning 18-moddasida belgilab qoʻyilgan. Yaʼni fuqarolar yagona xalq vakillari ekanligi taʼkidlangan. Ularni yagona maqsad yoʻlida birlashtirishda har bir rivojlangan davlatda muhim demokratik qadriyat sirasiga kirgan milliy gʻoyaning oʻrni va roli bor.

Buning uchun, avvalo, uning mohiyatini toʻgʻri anglash alohida strategik ahamiyat kasb etadi. Milliy gʻoyaga muayyan millat hayotiga mazmun baxsh etadigan, uni ezgu maqsad sari yetaklaydigan fikrlar majmui, deya taʼrif beriladi. U millatning oʻtmishi, buguni va istiqbolini oʻzida mujassamlashtiradi, uning tub manfaatlarini, maqsadlarini ifodalaydi. Milliy gʻoya oʻz mohiyatiga koʻra xalq, millat taqdiriga daxldor, qisqa yoki uzoq muddatda hal etilishi kerak boʻlgan vazifalar va maqsadlarni ham aks ettiradi. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari oʻz taraqqiyotiga, avvalo, milliy gʻoya va mafkurani shakllantirish orqali erishganini tarixdan guvohi boʻlganmiz.

Taʼkidlash joiz, yoshlarning gʻoyalarini mafkuralarga birlashtirishda yetakchilik qilayotgan mamlakatlar Germaniya, Finlyandiya, Italiya, Ispaniya va Fransiya hisoblanadi. BMT Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) tomonidan butun dunyoda yoshlarning demokratiyani rivojlantirishdagi ishtirokini taʼminlashga qaratilgan “ommaviy nutq” shaklida tadbirlar (190 ta mamlakat yoshlari bilan birgalikda) oʻtkaziladi. Ushbu xalqaro loyihaning maqsadi bolalar va yoshlarga oʻz manfaatlariga daxldor boʻlgan barcha masalalar boʻyicha oʻz fikrlarini erkin ifoda etish huquqidan foydalanish uchun ochiq maydonni taqdim etishdan iborat. Shu bilan birga, dunyoda yoshlarni birlashtirish boarsida tan olingan AIESEC, yaʼni yoshlar tomonidan boshqariladigan xalqaro mustaqil notijorat (siyosiy boʻlmagan) tashkilot mavjud boʻlib, uning aʼzolari 18-29 yoshgacha boʻlgan dunyo yoshlari hisoblanadi.

Rossiya Federatsiyasida yoshlarni vatanparlarlik ruhida tarbiyalash hamda birlashtirish maqsadida, shuningdek, ularning ijtimoiy muammolari bilan shugʻullanish davlat tomonidan tartibga solinadi va 1992-yil sentyabridan hukumat tarkibida “Yoshlar ishlari boʻyicha” alohida davlat qoʻmitasi faoliyat koʻrsatadi.

Finlyandiya davlatida yoshlarni asosan mamlakat taraqqiyotida oʻz oʻrnini egalllashi hamda jamiyatda ularning siyosiy pozitsiyasini mustahkamlash orqali siyosiy tizim legitimligini oshirishga qaratilgan gʻoyalar asosida tarbiyalash masalasiga alohida eʼtibor beriladi. Yoshlar bilan bevosita ishlash bilan Finlyandiyada Taʼlim va madaniyat vazirligi shugʻullanadi. Yoshlarning jamiyatdagi oʻrni va rolini oshirishga hamda ularning birlashuvini taʼminlashga qaratilgan qonunchilik birinchi marta “Yoshlar toʻgʻrisida”gi qonun nomi bilan 1972-yilda qabul qilingan. Jamiyatdagi oʻzgarishlar va ularning yoshlar ongiga taʼsirini hisobga olgan holda ushbu qonunchilik har 10 yilda (1986, 1996, 2006, 2016) qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Qonunning asosiy maqsadi yoshlarning rivojlanishini va mustaqilligini qoʻllab-quvvatlash, faol fuqarolik pozitsiyasini oshirish bilan bogʻliq.

AQSHda hozirgi kunda 300 dan ziyod yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish dasturlari eʼlon qilingan boʻlib, ularning ichida eng samaralisi sifatida quyidagilar keltiriladi: “Cheksiz kampus imkoniyatlari ligalari”, “Talabalar orasida ochlikni yoʻq qilish uchun”, “Yolgʻiz onalar uchun yordam”, “Shahar muammolari bilan tanishish”, “Najot armiyasi”. Shu bilan birga, jamiyatda yoshlar orasida yot gʻoyalarning oldini olish hamda jinoyatchilikni kamaytirish maqsadida hukumat tarkibida yoshlar jinoyati muammolarini hal etish va huquqbuzarlik xatti-harakatlarining oldini olish boʻyicha Federal Kengash tashkil etilgan. U hududlarda (shtatlarda) maxsus roʻyxatda turuvchi yoshlar bilan ishlash, taʼlim muassalarida vatanparvarlik gʻoyalarini keng targʻib etish va uni nazorat qilish bilan shugʻullanadi.

Yurtimizda “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” iborasi milliy gʻoyamiz negizini tashkil etadi va uning mantiqiy davomi sifatida hozirgi islohotlar “Yangi Oʻzbekistonni birga quramiz” degan shior ostida olib borilmoqda. Rejalashtirilgan, istiqbolda qilinadigan oʻzgarishlar asosi – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi. Unda belgilangan vazifalarni birgalikda amalga oshirish jamiyatdagi har bir shaxsning fuqarolik burchi sanaladi. Milliy gʻoyaning ildizi, avvalo, oʻzlikni anglash, oʻz tarixini bilishdan boshlanadi. Yosh avlodni qadriyatlardan boxabar etish, ajdodlardan faxrlanish hissi va milliy gʻururni shakllantirish maqsadida 10 mingdan ortiq maktablarda “Oʻzbekiston tarixi”, “Maʼnaviyat asoslari” kabi fanlar oʻtilmoqda.

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida 70-maqsad “Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish” deb nomlandi. Yuqorida keltirilgan misollarni tahlil qilish orqali har sohada barqaror taraqqiyotga erishish uchun milliy gʻoyadan unumli foydalanish, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida uni targʻib qilish zarur ekanligining yana bir tasdigʻini koʻrish mumkin. Bayon qilinganlardan kelib chiqib, mamlakatimizda yoshlarni yagona maqsad va gʻoyalar asosida rivojlantirish, ayniqsa, ularni turli yot gʻoyalarga kirib qolishdan himoyalash borasidagi tadbirlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:

birinchi, hududlarda yoshlarning qarashlari, ularning qiziqishlarini aniqlashga qartilgan sotsiologik soʻrovnomalar oʻtkazish shu asosda tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan amaliy ishlarni kuchaytirish (doimiy ravishda monitoring qilish tizimini yoʻlga qoʻyish);

ikkinchi, OAV vositalarida aynan yoshlar uchun doimiy ravishda (haftaning aniq kunida) targʻibot koʻrsatuvlarini tashkil etish (Finlyandiya tajribasi);

uchinchi, hududlarda yoshlar bilan ishlashda boshqaruv organlari bilan birgalikda “mahorat darslari”ni tashkil etish;

toʻrtinchi, yoshlarning tarbiyalashda asosiy birinchi bosqich boʻlmish maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi tizimida “Vatanparvarlik kuni” “Viloyat (tuman, qishloq)ning eng iqtidorli oʻquvchisi” kabi tanlovlar oʻtkazish (oyda 2-marta);

beshinchi, yoshlar bilan ishlashga yoʻnaltirilgan nodavlat notijorat tashkilotlar sonini koʻpaytirish va ularning faoliyatini tashkil etishni soddalashtirish (bu ularning faoliyati kengayishiga olib keladi);

oltinchi, har bir hududda yoshlarning maqsad va qiziqishlarini aniqlashga qaratilgan “Hukumatga takliflar” qutilari (yoki onlayn portali)ni tashkil etish (bunda, oʻz navbatida, anonim tarzda shu hududdagi yoshlarni qiynayotgan muammolarni aniqlash imkoni ham yuzaga keladi).

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, hozirgi kunda mentalitetimizga yot, ekstremistik va boshqa turdagi tahdidlarga qarshi aynan milliy gʻoyamiz qalqon boʻla oladi.

Gʻ. MAHAMMADJОNOV,

Oʻzbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti

“Fuqarolik jamiyati va huquq taʼlimi” kafedrasi mustaqil tadqiqotchisi,

Qonunchilik muammolari va parlament

tadqiqotlari instituti boʻlim boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер