Jalaquduqda obod manzillar soni yanada ortmoqda

15:33 03 Noyabr 2022 Jamiyat
745 0

Foto: Xalq so‘zi

Joylarda olib borilayotgan yangilanish va oʻzgarishlar, odamlar kayfiyatini yaqindan oʻrganish maqsadida bu gal Andijon viloyatidagi Jalaquduq tumanida boʻldik. Safarimiz chogʻida suhbatdoshlarimizdan biri, jalaquduqlik mehnat faxriysi Akbar Egamberdiyevning mana bu soʻzlari diqqatimizni tortdi: “Yaqin-yaqinlarda ham televizorda shaharlarimizda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini koʻrib, dunyoga yuz tutayotgan mamlakatda yashayotganimizdan gʻururlanib qoʻyardik, ammo bunday oʻzgarishlar bizning ham qishloqqacha yetib kelishiga koʻzimiz yetmasdi. Goʻyoki qishloqqa chang koʻchalar va taʼminotdan uzilgan elektr energiyasi «bobomerosdek”... Bugun esa qishlogʻimizga yangi hayot kirib keldi. Qarang, shunday ravon, keng, tuni bilan charogʻon koʻchalarimiz qishloqqa qanday yarashib turibdiya!»

Xullas, Jalaquduqning eng chekka hududlaridan biri boʻlmish “Beshtol” mahalla fuqarolar yigʻini sari yoʻl oldik. 3 yarim mingga yaqin aholi istiqomat qiluvchi ushbu manzil “Obod qishloq” davlat dasturiga kiritilgach, haqiqiy bunyodkorlik maydoniga aylanibdi. Qay bir koʻchaga burilmang, qurilish ishlariga guvoh boʻlasiz. 73-davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabidagi qayta taʼmirlash ishlari bilan tanishish jarayonida Jalaquduq tuman hokimining qurilish ishlari boʻyicha oʻrinbosari Akromjon Komilovni uchratdik.

— Ushbu maktab aslida 400 oʻrinli edi, — deydi A. Komilov. —Hozirda “Ziyo nur elit” korxonasi tomonidan 8 mlrd. 700 mln. soʻmlik loyiha asosida maktabning mavjud ikkita binosida mukammal taʼmirlandi. Endilikda 170 oʻrinli 2 qavatdan iborat yangi oʻquv binosini qurish ishlari olib borilmoqda. Maskanda xonalar yetishmasligi bois oʻquvchilar ikki smenada oʻqir edilar. Loyiha foydalanishga topshirilgach, eng zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan, turli fanlarga moslashtirilgan sinf xonalari, sport zali, oshxona, kutubxona kabi qulayliklarga ega boʻlgan maktab binosida oʻgʻil-qizlarning zamon talablari asosida tahsil olishlari uchun barcha sharoit yaratiladi.

Mahallada ichki koʻchalarni taʼmirlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, hozirga qadar 5 kilometrdan ortiq masofaga asfalt va beton qoplama yotqizish ishlari boshlab yuborilgan.

— Endi yogʻin-sochinli kunlarda koʻchalarimizda loyga botmay yurishimizga ishongimiz kelmayaptiyu, ammo bu amalga oshdi, — deydi beshtollik Zilolaxon Hakimova. — Avvallari kuz keldi deguncha qoʻshnilar oʻzaro birlashib koʻchamizni shagʻallardik. Bahorga yetmay, baribir loy kechishimizga toʻgʻri kelardi. Endilikda bunday tashvishlar ortda qoldi. Sababi, aytishlaricha, beton qoplamasi 10-15 yilgacha xizmat qilar ekan.

Aholi turmush sharoitini yaxshilashda toza ichimlik suvi taʼminotining ahamiyati juda katta. Biroq “Beshtol”da shu paytga qadar suv taʼminoti koʻngildagidek boʻlgan, deya olmaymiz. Qishloq ahli qoʻshni qishloqdagi suv qudugʻidan foydalanishga majbur edi. “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida 2 dona suv qudugʻini qazish va 12,5 km uzunlikda yangi ichimlik suvi tarmogʻini tortish ishlariga kirishilgach, bu muammo ham ortda qola boshladi. Buning uchun “Faxriddin Jalabek yulduzi” MCHJ tomonidan 770 mln. soʻmlik loyiha ishlari amalga oshirilmoqda.

— Hozirda suv qurilishi bilan bogʻliq bunyodkorlik ishlari 60 foizga bajarildi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ boʻlim boshligʻi Marhaboxon Nasriddinova. — Loyiha ishlari yakuniga yetgach, 3 ming nafardan ziyod aholining suv taʼminoti yanada yaxshilanib, yuzlab mahalladoshlar ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlanadilar. Suv yetkazib berishdagi shaffoflik va barqarorlikka erishish uchun suv joʻmraklari har bir xonadonning ichiga suv hisoblash uskunasi bilan oʻrnatilmoqda. Bu oilalardagi turmush sharoitini yaxshilash bilan bir qatorda moliyaviy manfaatlarini ham himoya qiladi. Boisi, suv hisoblash uskunalari oʻrnatilganda foydalanilgan toza ichimlik suvi uchun toʻlov miqdori deyarli besh barobarga kamayadi.

— “Suvdanku, tashvishimiz aridi, elektr energiyasidagi uzilishlarga ham barham berilsa, yaxshi boʻlardi”, deb turgan edik, birdan eski simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirila boshlandi, — deydi quvonchini yashira olmagan mehnat faxriysi Ominaxon Ostonaqulova. — Avvallari salgina shabboda essa yoki yomgʻir yogʻa boshlasa, butun qishloqni zulmat qoplardi. Bir necha kunlab elektrsiz oʻtirgan paytlarimiz boʻlgan. Endi boʻlsa, qishdan ham xavotir olmasak boʻlaveradi. Bir soʻz bilan aytganda, shaharnikidan qolishmaydigan sharoitga ega boʻlayotganimizdan xursandmiz.

Darhaqiqat, ayni damda hududda 3 ta elektr transfarmatori, 50 ta temir beton tayanchlarini oʻrnatish, 3 km elektr simini tortish ishlari olib borilmoqda ekan. Ahamiyatlisi, bu kabi xayrli ishlar gaz taʼminoti yoʻnalishini ham chetlab oʻtmabdi. Manzildagi mavjud 714 ta xonadonning tabiiy gaz taʼminotini yanada yaxshilash maqsadida 2,7 km gaz tarmogʻi tortilib, 32 ta oilaga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilibdi.

— Birgina “Beshtol”da emas, “Doʻngqishloq” mahalla fuqarolar yigʻinida ham bunday yangilanishlarga duch kelasiz,— deydi tuman hokimining oʻrinbosari Akromjon Komilov.  “Doʻngqishloq”dagi 720 ta oila uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 8 km ichki yoʻlni taʼmirlash, 12 km ichimlik suv tarmogʻini tortish va 2 ta yangi suv qudugʻini oʻrnatish, 1 dona elektr transfarmatori hamda 140 ta temir beton tayanchlarni oʻrnatish, 10 km elektr simini tortish ishlari bajarilmoqda. Bundan tashqari hududda taʼlim, tibbiyot, aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlariga ham alohida ahamiyat qaratilyapti.

Akromjon Komilovning yana urgʻu berishicha, Jalaquduqda odamlarni rozi qilish, zamonaviy infratuzilmani yaratish maqsadida roʻyobga chiqarilayotgan bunday saʼy-harakatlar qariyb barcha qishloqni qamrab olgan. Demak, jalaquduqliklar hayotida yangi sahifa ochilmoqda, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Ishoning, Jalaquduqqa kelsangiz, bunga oʻzingiz ham amin boʻlasiz.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер