Jahon bozoriga har yili 1 million dollarlik quritilgan mevalar eksport qiladigan xonadon

00:26 21 Fevral 2026 Jamiyat
409 0

Beshariq tumani azaldan bogʻdorchilik sohasidagi mirishkorligi bilan mashhur. Ayni paytda tumanda 3 ming 300 gektardan ortiq mevali bogʻlar mavjud. Keyingi yillarda eski va samarasiz bogʻlar oʻrnida 1000 gektardan ziyod intensiv bogʻlar tashkil etildi.

Bugungi kunda tumanda meva-sabzavot eksportiga ixtisoslashgan 4 ta yirik eksportyor korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Hozirda Fargʻona viloyati boʻyicha tabiiy usulda quritilgan mevalar eksportining 30 foizi ushbu tuman hissasiga toʻgʻri kelishi ham ana shu kabi zamonaviy yondashuvlar samarasidir.

Beshariq tumani hokimi Rasuljon Joʻrayevning qayd etishicha, joriy yilda ushbu koʻrsatkichni 50 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun esa imkoniyat va salohiyat yetarlidir.

Tumanning “Uzun” MFYdagi Rustamjon Uzoqovlar xonadonida tabiiy usulda quritilgan mevalar, xususan, bodom va oʻrik bargagi qadoqlangan holda xorij bozorlariga eksport qilinadi. Shuningdek, pomidor tomati, uzum bargidan tayyorlanadigan kovatak mahsulotlari ham allaqachon ichki bozorda hamda xorijda xaridorgir boʻlib ulgurgan.

Eʼtiborlisi, ushbu xonadonda oʻtgan yili 250 tonna pomidor tomati va 8 tonna uzum kovatak eksport qilindi. Yillik eksport hajmi esa 1 million dollarga yaqinlashdi. Bu yilgi maqsad 1 million dollarlik dovondan oshishga qaratilgan.

Oila bekasi Muattar Uzoqovaning maʼlum qilishicha, bu faoliyat orqali mahalla xotin-qizlari uchun 5 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Bundan tashqari, tadbirkor oila asalarichilik va parrandachilikni ham yoʻlga qoʻygan. Yaqinda zamonaviy inkubatsiya uskunasi olib kelinib, sanoat usulida naslli joʻja ochirish hamda sotishga kirishildi.

Aytish joiz, bugungi kunda “Uzun” MFYdagi 962 ta xonadonda qariyb 5 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Oʻtgan yil davomida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 40 ta mikroloyiha amalga oshirilgan boʻlsa, joriy yilda istiqbolli loyihalar salmogʻini 50 tadan oshirish rejalashtirilgan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер