Jahon banki Oʻzbekistonga 400 million dollarlik yordam beradi
Jahon banki Oʻzbekistonga 400 million dollar miqdorida mablagʻ ajratadi. Bu haqda UzNews xabar berdi.
Aytilishicha, mablagʻ hukumatga mamlakatning raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonini tezlashtirishga yordam beradigan muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga koʻmaklashishga qaratilgan.
Oʻzbekistonga 250 million dollar past foizli va 30 yildan ortiq muddatga imtiyozli kredit, shuningdek, bozor foiz stavkasi va muddati 12 yildan ortiq boʻlgan 150 million dollar miqdorida kredit beriladi.
Oʻzbekistonga koʻrsatilayotgan moliyaviy va texnik yordam qator muhim islohotlarni amalga oshirish imkonini beradi:
— bugʻdoy bozorini yanada erkinlashtirish;
— davlat korxonalarini boshqarishni takomillashtirish;
— davlat xarajatlari va qarzlari ustidan hisobdorlikni va nazoratni kuchaytirish;
— mehnat bozorida gender diskriminatsiyasiga qarshi kurashish;
— kam taʼminlanganlar uchun nafaqalar qamrovini kengaytirish.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston ochiq va inklyuziv bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida islohotlarga qatʼiy intilishini namoyish etishda davom etmoqda. 2026-yilgacha aholi oʻrtasida qashshoqlik darajasini ikki baravar kamaytirish va 2030-yilgacha oʻrtacha daromadi yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga qoʻshilish maqsadlariga erishish uchun milliy iqtisodiyot tezroq oʻsishi kerak.
Bu xususiy sektorda koʻproq ish oʻrinlari yaratish, fuqarolar, ayniqsa, ayollar, yoshlar va nogironlar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni oshirishni taqozo etadi. Joriy faoliyat doirasida bank tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan islohotlar yuqoridagi maqsadlarga erishish uchun mustahkam poydevor boʻlib, odamlar hayotini yaxshilashga yordam beradi», dedi Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Yangi hamkorlik dasturini ishlab chiqish doirasida hukumat, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari bilan maslahatlashuvlar olib borilmoqda.
Yangi hamkorlik dasturini ishlab chiqish kelasi yilning oʻrtalarida yakunlanishi kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring