Zarbdorda tutzorlar nobud qilindi
Illyustrativ foto
Ayni kunlarda butun dunyo boʻylab koronavirus epidemiyasi sabab mamlakatlar va shaharlar, insonlar karantin holatida boʻlsa-da, yurtimiz pillakorlari bu qiyinchiliklarga qaramasdan ipakchilik sanoatida muhim ahamiyatga ega boʻlgan, harbiy sohada strategik xom ashyo hisoblanadigan ipak qurtini parvarishlash,yetishtirish bilan shugʻullanmoqda.
Joriy yilda bahorning seryogʻin kelishi, kuchli chaqmoq, doʻl aralash yomgʻir, kutilmagan shamollar bir daqiqa boʻlsa ham pillakorlarni oʻz ishidan toʻxtatolmayapti. Shunday sertashvish kunlarga qaramay ayrim uddaburon olgʻirlar tut plantatsiyalarini payhon qilib, kesib tashlash holatlari ham aniqlanmoqda.
— Zarbdor tumanidagi “Zafarbek Javlonbek dalasi” fermer xoʻjaligi rahbar,1993-yilda tugʻilgan F.M. “daraxtlar kasallandi” deya 402 tup, shu tumandagi “Ruslan Nodirbek dalasi” fermer xoʻjaligi rahbari R.Ya. 680 tup tut daraxtlarini noqonuniy kesganliklari aniqlandi, — deydi Jizzax viloyati IIB axborot xizmati rahbari Abulqosim Ahmedov. — Soha mutaxassislarining oʻrganishlaricha daraxtlarning aksariyati sogʻlom boʻlgan, hisob-kitoblarga koʻra fermerlar tomonidan tabiatga va oʻsimliklar dunyosiga 256 million 272 ming 200 soʻmlik zarar yetkazilgan.
Holatlar yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, yetkazilgan zararlar miqdori qoplanish choralari koʻrilmoqda.
Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring