Zarafshonda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti fakultetining yangi binosi foydalanishga topshirildi

21:38 12 Fevral 2026 Jamiyat
535 0

Zarafshon shahrida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Zarafshon fakulteti yangi binosining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur fakultet “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda “Navoiyuran” DKning Uchquduq va Tomdi tumanlari, shuningdek, Zarafshon shahri hududlaridagi tarkibiy tuzilmalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.

— Bugungi kunda ushbu maskanda 500 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda, — deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti prorektori Nasiba Ashurova. — Bu, avvalo, viloyatimizning shimoliy hududlarida istiqomat qilayotgan aholi uchun oʻz yashash joyiga yaqin hududda oliy taʼlim olish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, nazariya va ishlab chiqarish jarayonlari oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Tadbir ishtirokchilari fakultet binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, talaba-yoshlar bilan muloqot qildi.

Fakultet tarkibida ayni paytda “Metallurgiya”, “Konchilik elektr-mexanikasi” hamda “Konchilik ishi” kafedralari faoliyat yuritmoqda. Har bir kafedra uchun zamonaviy maʼruza va tajriba-amaliyot xonalari tashkil etilgan. Kelgusida muassasa faoliyatini yanada kengaytirish, magistratura mutaxassisliklarini ham shu yerda yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер