Zangiotadagi bogʻcha mudirasi nega qamaldi?
Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan hududdagi tashkilot va muassasalarda qonunlar ijrosini taʼminlash, byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlarini bartaraf etish, aybdorlarga nisbatan keskin choralar qoʻllash yuzasidan tezkor harakatlar olib borilmoqda. Ana shunday tadbir natijasida Zangiota tumanidagi 16-sonli MTTda sodir etilgan qariyb, 1 milliard soʻmlik talon-tarojlar fosh etildi.
Viloyat prokuraturasining maʼlum qilishicha, oʻzi xon, koʻlankasi maydon bogʻcha opa amaldagi qonunlarni mensimay, 37 nafar “oʻlik jon”larga oylik ish haqi yozib, doimiy ravishda oʻzlashtirib kelgan. Natijada, jami 983,5 mln. soʻm byudjet mablagʻlarini shunchaki yeb yuborgan!
Viloyat prokuraturasining tezkor harakatlari tufayli hududdagi taʼlim muassasalari rahbarlari tomonidan byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish holatlari yuzasidan 11 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani aytilmoqda. Ayniqsa, Oqqoʻrgʻon tumanidagi 2-,6-,10-,12-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi masʼullar bolalar haqqini “tuya” qilishda kim oʻzarga musobaqa qilishgani maʼlum boʻldi.
Shodiyor Mutaharov
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring