Yurtimizda anomal sovuq: xotirjam boʻlish uchun asos yetarlimi?

16:02 10 Yanvar 2023 Jamiyat
1198 0

Foto: Xalq so‘zi

Shu kunlarda yurtimiz boʻylab anomal sovuq hukm surmoqda. Qish mavsumiga xos bunday sharoitda xalqimiz xotirjam boʻlishi uchun mutasaddi idoralar tomonidan tayyorgarlik ishlari qay darajada tashkil etilgan?

Muxbirimiz Fargʻona viloyatidagi holatni oʻrganish maqsadida tegishli soha masʼullari bilan uchrashdi.

— Anomal sovuq kunlari oldidan muntazam ravishda oʻrganish ishlari olib borilib, bu haqida aholiga kerakli maʼlumotlar toʻliq yetkazildi, — deydi Fargʻona viloyati gidrometeorologiya boshqarmasi mutaxassisi Abduxoliq Teshaboyev. — Ayni kunlarda mutaxassislarimiz ob-havodagi har bir kutilayotgan oʻzgarish jarayonini ilmiy yondashuvlar asosida kuzatib bormoqda. Zaruriy tavsiya va xulosalar barcha mutasaddi idoralarga oʻz vaqtida yetkazilyapti.

Avvaldan kutilganidek, 10-yanvar kuni erta tongdan Fargʻona viloyatining aksariyat hududlarida yogʻingarchilik, shamol kuzatilib, ob-havodagi bunday noqulayliklar hamon saqlanib qolmoqda. Shu kunlarda Fargʻona vodiysida kechalari -5, -10, kunduzi -2, -5 gradusgacha sovuq boʻlishi kutilyapti. Haftaning ikkinchi yarmida havo harorati kunduzi -6, kechqurun -10, -12 gradusgacha pasayishi, kuchli qor yogʻishi, shamolning tezligi ayrim joylarda 18-23 metr sekundgacha yetishi mumkin.

Tabiiyki, bu holatda aholini birinchi galda issiqlik va elektr energiyasi taʼminoti tashvishlantiradi. Kommunal soha mutasaddilarining maʼlum qilishicha, ayni kunlarda Fargʻona viloyatida elektr taʼminoti barqarorligini saqlash maqsadida 74 ta tunu kun ishlaydigan brigada faoliyati shakllantirildi. Mutaxassislar, texnika vositalari jalb etilib, avariya holatlarida tezkor choralar koʻrish uchun transformatorlar, temir beton tayanchlari, kabel simlari zaxirasi yaratildi.

Shuningdek, shahar-tuman gaz idoralarida 76 ta avariya-tiklash guruhlari 24/7 rejimida ishlayapti. Viloyatdagi 8 ta koʻmir omborida 122 ming tonna koʻmir zaxirasi yaratilib, yana 20 ming tonna koʻmirga buyurtma berildi. Aholiga kuniga oʻrtacha 1,5-2 ming tonna koʻmir yetkazilmoqda.

— Yoʻl harakati xavfsizligi, texnikalar sozligini taʼminlash hamda jamoat transportlari qatnovi oraligʻi choʻzilib ketmasligi uchun transport korxonalari masʼuliyati kuchaytirildi, — deydi Fargʻona viloyati transport boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Bobur Ikromov. — Yoqilgʻi quyish shoxobchalarida avtobuslar uchun “yashil yoʻlaklar” tashkil etilib, ertalabki 6.00 dan kechki 18.00 gacha aholiga bir maromda transport xizmati koʻrsatish choralari koʻrilyapti.

Oʻz navbatida viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan anomal sovuq kunlari bolalar, keksalar, surunkali kasali bor bemorlarni ehtiyot qilish, mavsumiy kasalliklardan ehtiyot boʻlish, darmondorilarga boy tabiiy mahsulotlarni isteʼmol qilish kabi muhim yoʻnalishlarda keng koʻlamli tushuntirish-targʻibot ishlari olib borilmoqda.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер