“Yurak, sensan mening sozim...”

14:25 17 Oktyabr 2022 Jamiyat
1429 0

Foto: Xalq so‘zi

Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida otashin shoir Usmon Nosir xotirasiga bagʻishlangan «Naxshon» adabiy anjumani oʻtkazildi

Oʻtgan asrning 30 yillari haqida soʻz ketganida, koʻz oʻngimizda beixtiyor xalqimizning qatagʻonga uchragan millatparvar shoiru yozuvchilari, olimlari, jadidlar koʻz oʻngimizga keladi. Ulardan biri Usmon Nosirdir.

18 yoshidayoq sahna asarlari yaratgan, “Safarbar satrlar”, “Yurak”, “Mehrim” kitoblari bilan sheʼriyat muxlislari qalbini zabt etgan, Pushkin va Lermontovdan tarjimalar qilgan bu ijodkor haqida koʻp va xoʻp soʻzlash mumkin, albatta .Biz faqat bu oʻrinda bir dalilga eʼtiborni qaratmoqchimiz. Oʻsha suronli yillarda shoʻro tuzumi siyosatining bosh minbari sanalgan “Pravda” gazetasida Usmon Nosirning yuksak isteʼdod egasi ekanligi eʼtirof etilgan, unga «Na Vostoke poyavilsa novыy Pushkin» deya taʼrif berilgan edi.

Ammo, taassufki, adabiyotimiz osmoniga chaqmoqday yorib kirgan shoir hasad va igʻvo qurboni boʻldi. Fitrat, Abdulla Qodiriy, ustozi Choʻlpon kabi tuhmatga uchrab hibsga olindi. Bu paytda u hali 25 yoshning nari – berisida edi.Oqibatda Usmon Nosir ayni ijodiy kuch- quvvatga toʻlgan davrini “xalq dushmani” tamgʻasi ostida sovuq oʻlkalarda – Zlatausk, Vladivostok, Magadan, Mariinsk qamoqxonalarida oʻtkazdi. 1943-yilda Kemerovodagi turmada xastalanib vafot etdi. Vaholanki, shoir 1940-yilda “Men aybsizman!” deya Magadandan Stalinga xat yozgan, ammo 1944-yilning oxirlariga kelibgina maxsus hayʼat arizani koʻrib chiqib, uni aybsiz, deb topgan edi.

«Naxshon» adabiy anjumanida ana shular haqida fikr-mulohaza yuritildi. Mehnat faxriylari, ustoz-murabbiylar, yoshlar, bir soʻz bilan aytganda, adabiyot muxlislari toʻplangan tadbirda soʻz olgan Gʻijduvon tuman hokimi Sh. Ashurov, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Gʻayrat Majidov, shoir Qoʻchqor Norqobil, Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat boʻlimi rahbari Shodmon Sulaymonov va boshqalar Prezidentimizning “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorining ahamiyati, shoir hayoti va ijodi haqida atroflicha soʻz yuritdilar.

Anjuman avvalida esa Oʻzbek Milliy akademik teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Usmon Nosir” spektaklidan sahna koʻrinishi namoyish etildi. Taniqli rejissyor Marat Azimov va yosh yozuvchi Javlon Jovliyev hamkorligi mahsuli sanalgan spektakl tomoshabinni hayajonga soladi, uni istiqlol, inson, osuda hayot qadru qimmati haqida mushohada yuritishga undaydi. Gʻijduvon tuman “Maqom” xalq badiiy havaskorlik ansambli jamoasi ijrosida shoirning “Yurak” hamda “Dengizga” sheʼrlariga kuy bastalanib, ijro etilishi oʻziga xos yangilik boʻldi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tuman axborot-resurs markaziga 200 ta eng sara kitob tuhfa qilindi.

Gʻijduvon tuman hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjuman chinakamiga adabiyot, maʼnaviyat bayramiga aylandi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер