Yuqori palata vakillari Navroʻz bayrami munosabati bilan madaniy tadbirda ishtirok etdi

13:18 20 Mart 2026 Siyosat
221 0

Yurtimizda Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan joylarda keng koʻlamli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Jumladan, Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi “Qashgʻar” MFY hududida Milliy gvardiya qoʻmondonligi tashabbusi bilan “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” shiori ostida tashkil etilgan bayram saylida Oliy Majlis Senati aʼzosi Gulnora Marufova, Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslonova, shuningdek, mahalliy hokimlik hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olgan senator Navroʻz bayramining ahamiyatiga alohida toʻxtalib, ushbu ayyom xalqimizning asrlar davomida shakllangan ezgu qadriyatlari, mehr-oqibat va bagʻrikenglik anʼanalarini oʻzida mujassam etishini taʼkidladi.

Shu bilan birga, bunday bayram tadbirlari aholining turli qatlamlarini birlashtirib, jamiyatda ijtimoiy hamjihatlik va oʻzaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Tadbir doirasida milliy qadriyatlar va anʼanalarni targʻib etuvchi koʻrgazmalar, xalq oʻyinlari va sport musobaqalari tashkil etildi. Xususan, milliy kurash, tosh koʻtarish va boshqa etnosport turlari ishtirokchilar va tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Shuningdek, bayram dasturxonlari milliy taomlar bilan bezatilib, sumalak tayyorlash anʼanasi namoyish etildi. Palov pishirish boʻyicha oʻtkazilgan tanlov doirasida turli hududlarga xos milliy taomlar tayyorlandi.

Tadbir davomida milliy liboslar koʻrgazmasi, sahnaviy chiqishlar tashkil etildi va xalq ogʻzaki ijodi namunalari namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?