YUNESKOda Samarqandda oʻtkazilgan 43-sessiya yuksak baholandi
YUNESKO bosh qarorgohida 2025-yilda Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Bosh konferensiyaning 43-sessiyasini tashkiliy jihatdan baholashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbir doirasida taqdim etilgan hisobotda Oʻzbekiston tomonidan konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish, xorijiy delegatlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Ekspertlar tomonidan mazkur xalqaro sessiya ishtirokchilariga tashkiliy jihatdan yuksak darajada koʻmak koʻrsatilgani alohida taʼkidlandi.
Ushbu konferensiyani munosib darajada tashkil etish uchun zarur infratuzilma va zamonaviy texnik vositalar toʻliq taʼminlangani, sessiya dasturi va tarjima xizmatlari belgilangan xalqaro talablar asosida yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.
Yigʻilishda konferensiyaning xalqaro ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu nufuzli anjuman Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yanada oshirishga xizmat qilgani taʼkidlandi. Oʻzbekistonning YUNESKOdagi vakolatxonasi tomonidan konferensiyaning muvaffaqiyatli oʻtkazilishi aʼzo-davlatlar va Kotibiyat oʻrtasidagi samarali hamkorlikning amaliy natijasi ekani qayd etildi.
Uchrashuvda qator davlatlarning YUNESKOdagi doimiy vakolatxonalari vakillari soʻzga chiqib, yurtimizning konferensiyani yuqori darajada tashkil etish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi. Shuningdek, ular ishtirokchilarga koʻrsatilgan xizmatlar sifati va anʼanaviy mehmondoʻstlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring