Yulduzsiz qahramon qismati

16:33 10 Mart 2020 Jamiyat
2094 0

Foto.ru

...Oʻshanda mashʼum 1941-yilning yozi edi.Ikki yilcha muqaddam armiya safida yigitlik burchini oʻtab qaytgan Kamol Poʻlatov ona – qishlogʻi Attoronda muallimlik qilayotgandi. Urush boshlandi – yu, millionlab yurtdoshlarimiz qatori bu alpqomat yigitning ham halovati buzildi.Birinchilar qatorida frontga yoʻl oldi. Ketar chogʻi koʻngli bir nimani sezgan kabi umr yoʻldoshi Fotimaga “Oʻzingni, bolamizni asra.Chirogʻimizni yoqadigan shu”, dedi.

Ketdi. Ortiga qaray — qaray ketdi. Raufjonning ota tomon choʻzilgan jajji qoʻllari havoda muallaq qoldi...

Kamolga ilgari armiyada xizmat qilgani, rus tilini bilgani asqatdi. Janglarda mardligi, dovyurakligi bilan nazarga tushdi. Unga leytenant unvoni berildi. Boʻlinma komandiri qilib tayinlandi. Stalingrad ( hozirgi Volgograd) uchun boʻlgan ayovsiz janglarda uning boʻlinmasi oldingi marrada edi. Shunday janglarning birida dushman hujumini qanday boʻlmasin qaytarish topshirigʻi berildi. ”Poʻlatov, hamma umidimiz sendan. Dushmanni toʻxtatib, vaqtdan yutishimiz kerak. Ortga yoʻl yoʻq”,- dedi Kamol va uning yigitlarini muqarrar oʻlim changaliga tashlayotganini anglab turgan qism komandiri Xabirov.

Vaholonki,kuchlar teng emasdi. Ammo urushda buyruq muhokama qilinmaydi. Boʻlinma askarlari boʻrilar galasidek yopirilib kelayotgan tanklarga qarshi mardonavor kurashdilar. Oʻndan ziyod tank olov iskanjasida qoldi. Ammo dushman hamla qilishdan toʻxtamasdi. Mana, ikki-uch tank okopga yaqinlashib qoldi. Kamol achchiq tutun ichra yon – atrofga qaradi. Jangchilarining barchasi nobud boʻlgan, jang maydoni jahannamga aylangandi. Qoʻliga granatani olganicha, tankning yaqinlashishini kutdi. Zirhli mashina bir zumda tutun ichida qoldi.Kamol shundoq roʻparasiga kelib qolgan yana bir tankka granata uloqtirdi.Ammo masofa yaqin edi. Kuchli zarba va olov toʻlqini oʻzini ham chamasi besh – olti metr nariga uloqtirib yubordi.

Qism kuzatuv punktidan hammasini koʻrib turgan Xabirov “Yasha, Poʻlatov”, deya baqirdi – yu, shunday mard jangchidan ayrilib qolganini oʻylab, boshini changalladi...
 

Keyinchalik u bu boʻlinma askarlarining ortga chekinmay, tengsiz olishuvda dushmanni parokanda qilishgani, leytenant K. Poʻlatovning qahramonlarcha halok boʻlgani toʻgʻrisida qoʻmondonlikka xabar beradi. Oʻz navbatida qoʻmondonlik romitanlik bu jasur yigitni mukofotga tavsiya etadi. Shu tariqa Kamol Poʻlatovga oʻlimidan soʻng SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1943-yil 21-apreldagi Farmoni bilan “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni beriladi.

Bu xabar olis Romitanga ham yetib keldi, albatta. Mahalliy rahbarlar zudlik bilan qahramonning qishlogʻiga yoʻl olishdi. Tantanali miting oʻtkazildi. Bu yerdagi kolxozga Kamol Poʻlatov nomi berildi. Xotini va bolasi yashayotgan uyni taʼmirlab berishdi. Oilasiga buzogʻi boʻlgan sigir tuhfa qilishdi. Faqat... Faqat bu tantana bir chekkada mayus bosh egib turgan azador Fotimaga tatimasdi. Shoʻrlikning koʻngli algʻov – dalgʻov edi.

Endi esa yana oʻsha mashʼum jang maydoniga qaytamiz. Navbatdagi tankni portlatib, oʻzi ham yuztuban yiqilgan Kamol tirik qolgandi. Hushiga kelganida tepasida avtomat oʻqtalib turgan ikki fashist turganini koʻrdi. Koʻzlariga dunyo qorongʻu boʻlib ketdi. Majolsiz, yarador yigit shu tariqa asirga olindi.

Oʻlmay tirik qolgani bu taqdirning inoyatimidi yoki?.. Keling, bu savolga javob berishdan avval u haqida eshitgan, uni bilgan kishilar soʻziga quloq tutaylik.

— Biz oʻshanda yosh bola edik, — deya eslaydi 80 yoshli otaxon Ahad Hasanov.- Attoron qishlogʻidan shunday qahramon chiqibdi, degan gap-soʻzlarni eshitganmiz.

— Qishlogʻimizdagi deyarli har bir xonadondan kimningdir otasi, akasi yoki yor-birodari urushga ketgandi, — deydi 85 yoshli Sharif ota Sharopov.— Kechagiday yodimda, otam Sharof Rajabov urushga joʻnar pallada bola emasmanmi, “Gʻoʻlin ( turshak) olib bering”, deb xarxasha qilgandim. Bir hovuch turshakni qoʻlimga tutqazgani shundoq koʻz oldimda. Oradan bir yil oʻtar-oʻtmas, 1942-yilda undan “qora xat” keldi. Bu yogʻini surishtirsangiz,qishlogʻimizdan atigi ikki kishi urushdan sogʻ-omon qaytdi. Kamol Poʻlatovga kelsak, uning qahramon boʻlgani haqidagi xabarni biz ham eshitganmiz. Uyini remont qilib berishganini ham bilaman.

Darvoqe, biz mahalla faollaridan biri Safar Bozorov hamrohligida Kamol Poʻlatovning qarindoshi, 83 yoshli otaxon Soli Bahromov bilan ham suhbatlashdik.

— Biz Kamol bilan xolavachcha boʻlamiz, — deydi u kishi. — Uning qahramon boʻlgani, farzandi Raufjonni davralarning toʻriga oʻtqizishgani ayni haqiqat. Afsuski, qismati ogʻir kechdi...

Yana oʻsha suronli yillarga qaytamiz. Fashistlar qoʻlida tutqunlik azobini tortgan Kamol yuzlab asirlar qatorida ozod qilinadi. Soʻrab – surishtirish boshlanadi. K. Poʻlatov oʻsha mashʼum jang tafsilotini soʻzlab beradi. Yarador, boz ustiga hushsiz yotgan chogʻida fashistlar asir olishganini aytadi. Qilni qirq yorishga ustamon tegishli idoralar voqeaga oydinlik kiritib, leytenant Kamol Poʻlatov Vatan xoini emasligiga ishonch hosil qiladilar. Aks holda uning qolgan umri turmada oʻtishi muqarrar edi.
 

Gap shundaki, urush yillarida dushmanga asirlik xoinlik bilan tenglashtirib qoʻyilgandi. U yoki bu askarning qanday vaziyatda fashistlar qoʻliga tushib qolgani hech kimni qiziqtirmas, asirlikda boʻldingmi, demak, sen sotqinsan, Vatan xoinisan, degan tamgʻa bosilardi. Bu tamgʻa minglab begunoh askarlarning umriga zomin boʻlganini, aybi yoʻq koʻplab kishilarning turmalarda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan azob-uqubatlarga duchor etganini bugun yaxshi bilamiz. Aynan shu tamgʻa Kamol Poʻlatovga ham hukm oʻqishga ulgurgandi.

Bu jasur yurtdoshimizning achchiq qismatiga oydinlik kiritish borasida fidoyilik koʻrsatgan Gʻijduvondagi “Qidiruv klubi” rahbari Erkin Latipov nomiga(Alloh rahmatiga olgan boʻlsin) 1986-yilning 12-mayida SSSR Oliy Soveti Prezidiumining mukofotlash boʻlimidan kelgan 189-raqamli javob xatida aytilishicha, 1918-yilda tugʻilgan Kamol Poʻlatovga “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni berilgan.1947-yilda esa mukofot bekor qilingan.

Qahramonning keyingi qismati haqida yozish esa yana-da ogʻir. Kamol necha yillik ayriliqdan keyin ona – qishlogʻiga qaytib kelgan pallada u haqda turli mish-mishlar avj oladi. ”Qahramonlikni adashtirib bunga berishgan ekan”, “Dushmanga oʻz xohishi bilan asir tushgan emish” qabilidagi tagi puch gaplarni eshitish ogʻir, albatta. Bu ham kamlik qilganday, mahalliy rahbarlarning bu oilaga nisbatan munosabati ham butkul oʻzgaradi. Ulardan biri hatto “Aybing tirik qolganing” deyishgacha boradi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay Kamolning boshiga ogʻir judoliklar tushadi. Yolgʻiz zurriyoti Raufjon xastalanib vafot etadi. Bu koʻrgulik yetmaganday umr yoʻldoshi Fotima ham hayotdan erta koʻz yumadi. Hayotning beshafqat zarbalari qahramonning ham sogʻligiga ziyon yetkazadi. Urushda dushman tanklariga bagʻrini qalqon qilib, ular yoʻlini toʻsib qoʻygan yigit taqdirning ruhiy zarbalari, ayriliqlari oldida ojiz qoladi. U 1950-yilda vafot etadi. Oʻshanda yulduzsiz qahramon hali 33 yoshga ham kirmagan edi.

Noming oʻchgur urush shu tariqa bir xonadonning chirogʻini butkul oʻchirdi!

Tuman markazidagi Xotira va qadrlash xiyobonida “Romitan fidoyilari” sarlavhali lavha bor. Unda bir guruh yurt jonkuyarlari qatorida Kamol Poʻlatovning nomi ham yozib qoʻyilgan. Bu inson kim boʻlgan, u qanday qahramonlik koʻrsatgan? Afsuski, bu savolga hozir barmoq bilan sanarli darajada oz kishilar javob bera olishadi, xolos. Ular ham asosan qahramon tugʻilib oʻsgan qishloq keksalaridir. Oʻtgan asrning 90- yillarida Erkin Latipov viloyat gazetasida, 2000-yilda yozuvchi va publitsist Joʻra Fozil “Romitannoma” gazetasida Kamol Poʻlatovning jasorati, ayanchli qismati toʻgʻrisida maqola yozib xayrli ish qilishgandi. Agar tuman hokimligi savobtalab insonlarni jalb etgan holda shu mard yurtdoshimizning xotirasini tiklash haqida oʻylasa ayni muddao boʻlardi. Bu ishning yoshlar tarbiyasida ham ahamiyati benihoya katta. Zero, Ikkinchi jahon urushida yurtimizdan yetishib chiqqan yulduzli va yulduzsiz qahramonlar ona-Vatanga sadoqat timsoli boʻlib qolaveradilar.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер